Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan shanba kuni Kortona shahridagi omborga niqob taqqan kamida yetti nafar shaxs kirgan. Ular signalizasiya va kuzatuv kameralarini o‘chirib, keyin korxonaga tegishli yuk ko‘taruvchi texnikalardan foydalangan holda vinolarni ikkita yuk mashinasiga ortgan. O‘g‘irlik haqida xodimlar dushanba kuni ertalab ishga kelganida xabar topilgan.
O‘g‘irlangan mahsulotlar orasida Solaia, Tignanello va Guado al Tasso nomli mashhur vinolar bor. Barcha shishalar 2023 yil hosilidan tayyorlangan. Jumladan, jinoyatchilar Toskanadagi eng mashhur va qimmat vinolardan biri hisoblangan Solaia'ning taxminan 10 ming shishasini olib ketgan.
Vino turiga qarab, bir shishaning narxi 120–300 yevro atrofida bo‘lib, kamyob namunalar ancha qimmat turishi mumkin.
Kompaniya rahbari Renso Kotarellaning fikricha, o‘g‘irlik ortida boshqa vino ishlab chiqaruvchi korxonalardagi shu kabi jinoyatlarga ham aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan professional jinoiy guruh turgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
U o‘g‘irlangan yuk topilishiga umid bildirgan. Chunki buncha miqdordagi vinolar ortilgan ikkita yuk mashinasini sezilmasdan sotish oson emas.