Italiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning “Italiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani uchun iqtisodi qulamoqda” degan bayonotidan so‘ng Rossiyaning Rimdagi elchisi Aleksey Paramonovni chaqirdi.
Zaxarova Telegram’dagi kanalida “Italiya hukumati soliq to‘lovchilar pullarini behuda sarf qilayotgani uchun mamlakat iqtisodi ham, tarixiy binolari ham qulamoqda” deya izoh yozgan edi. Uning bu gaplari Rimdagi Torre dei Conti tarixiy minorasi qisman qulaganidan so‘ng aytilgan.
Italiya Tashqi ishlar vazirligi Zaxarovaning so‘zlarini “g‘ayriinsoniy va tahqirli” deb baholagan. Shu bilan birga, vazirlik Rossiya elchisini chaqirib, rasmiy norozilik notasini taqdim etgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Matteo Salvini esa televideniye orqali chiqish qilib, “hozirgi vaziyatda tinchlikka erishish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlagan.
Ayni vaqtda Italiya mudofaa vaziri Guido Krozetto mamlakatning Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha pozisiyasi o‘zgarmaganini ma’lum qildi.