Mamlakat hukumati Qo‘shma Shtatlar rasmiylari tomonidan xakerlik, jumladan COVID-19 ga qarshi vaksinalar va davolash usullariga oid tibbiy tadqiqotlarni o‘g‘irlashda ayblanayotgan Xitoy fuqarosi Syuy Szeveyni topshirishga qaror qildi. Bu haqda Reuters manbasi xabar bermoqda.
Syuy 3 iyul kuni Milanda Vashington so‘rovi bilan hibsga olingan edi. Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligining da’vo qilishicha, u 2020–2021 yillarda Xitoy hukumati topshirig‘iga ko‘ra AQSh universitetlari, immunologlari va virusologlarining ma’lumotlarini buzib kirgan kiberjinoyatchilar guruhi tarkibida bo‘lgan. Shuningdek, u minglab kompyuterlarga kirib borgan "Hafnium" kiberjosus guruhiga a’zolikda ham ayblanyapti.
Xitoy TIV ushbu qarorga qarshi chiqib, Qo‘shma Shtatlarni "siyosiy manipulyasiyalar orqali ayblovlarni to‘qib chiqarishda" aybladi va Italiyani "xatosini tuzatishga" hamda "AQSh bilan til biriktirmaslikka" chaqirdi.
Syuyning advokati Enriko Jarda o‘z mijozining shaxsini aniqlashda xatolikka yo‘l qo‘yilganini va topshirilish bo‘yicha hali rasmiy xabar olmaganini bildirdi. Italiya hukumati vakili esa holat yuzasidan izoh berishni rad etmoqda.