AQSh taklif qilgan qisman sulh rejasiga Isroil va Hizbulloh rozilik bildirganiga qaramay, Livan janubida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Hizbulloh» jangarilari Haddata va Bayada hududlaridagi Isroil tanklariga raketa hamda artilleriya zarbalarini bergan. Isroil harbiylari esa Livan hududidan uchirilgan ikki snaryad tutib qolinganini ma’lum qildi. Hozircha qurbonlar haqida xabar berilmagan.
Livan milliy axborot agentligi mamlakat janubidagi bir nechta hududlarga Isroil tomonidan havo zarbalari berilganini ma’lum qildi. Debbin shahrida kuchli portlash qayd etilgan.
Ayni paytda Vashingtonda Isroil va Livan o‘rtasidagi muzokaralarning to‘rtinchi bosqichi davom etmoqda. Livan delegasiyasi janubiy hududlarga qilingan hujumlarni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini ushbu hududdan olib chiqishga erishishni maqsad qilgan.
Donald Tramp ikki tomon bilan muloqot qilganini va ular o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirgan.
Livan rasmiylariga ko‘ra, «Hizbulloh» Isroilning Bayrutga hujum qilmasligi evaziga Isroilga qarshi hujumlarni to‘xtatish haqidagi AQSh taklifiga rozilik bergan.
Biroq Binyamin Netanyaxu agar «Hizbulloh» Isroil shaharlari va fuqarolariga hujumlarni to‘xtatmasa, Bayrutga qarshi zarbalar davom etishini ta’kidladi. Shuningdek, u Isroil armiyasi Livan janubidagi harbiy operasiyalarni ham davom ettirishini ma’lum qildi.
Netanyaxuning aytishicha, Bayrut janubidagi nishonlarga zarba berish haqidagi buyruq «Hizbulloh»ning Isroilga qarshi hujumlariga javob sifatida berilgan.