Isroil harbiylari Suriyaning yangi hukumati harbiy avtomobiliga aviazarba berdi. Hujum El-Kunaytra viloyatida, yashash hududlari yaqinida amalga oshirilgan bo‘lib, tinch aholida vahima uyg‘otdi.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, Isroil dronlari janubi-g‘arbiy Suriyadagi Suveysa qishlog‘ida harbiy transport vositasiga raketa otgan. Hujumdan so‘ng mintaqa osmonida Isroil harbiy aviasiyasi faolligi kuzatilgan.
Mahalliy aholi vakili, Shadi Zayd Anadolu agentligiga bergan intervyusida hodisa vaqtida uyining hovlisida bo‘lganini aytdi:
«Men bir necha kuchli portlash ovozini eshitdim. Voqea joyiga yetib borganimda raketalar harbiy avtomobil yaqiniga tushganini ko‘rdim. Biz xalqaro hamjamiyatni bu kabi hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz, chunki bu yerda maktablar va yashash uylar bor», – dedi u.
2024 yil 8 dekabrda Asad rejimi qulaganidan so‘ng, Isroil armiyasi Suriyaga hujumlarini kuchaytirib, sobiq hukumatning infratuzilmasini yo‘q qilish va Golon tepaliklari bo‘ylab bosib olingan hududni kengaytirish harakatlarini boshlab yubordi.
Isroil harbiylari bufer zonasi ichkarisiga kirib, Damashq shahriga 20 km masofagacha yaqinlashgan.
Golon tepaliklari 1967 yildan beri Isroil okkupasiyasi ostida qolmoqda. 1974 yilda tomonlar o‘zaro kelishuv imzolagan bo‘lib, unda harbiy kuchlarning ajratilishi va bufer zonasi chegaralari belgilangan.