Bugun 2 iyun, 2026 yil, seshanba

КИР

Isroil rejasi endi chippakka chiqadimi? – Falastin, dunyo va siyosat

A A A
Isroil rejasi endi chippakka chiqadimi? – Falastin, dunyo va siyosat

Butun Yevropa bo‘ylab mingdan ortiq parlament vakillari xos maktubga imzo chekishgan, shu yo‘l bilan o‘z noroziliklarini ifodalashgan.

Maktubda Isroilning bu rejasidan "jiddiy xavotir" izhor etiladi, buning oqibatlaridan ogohlantiriladi.

Britaniyada ham bu maktubga imzo chekkanlarning soni 240 kishidan ortgan.

Londondagi Isroil elchiligi esa, bu xususda izoh berishdan bosh tortgan.

Maktub qator gazetalarda chop etilgan.

Anneksiya jarayoni esa, bir haftadan keyin boshlanishi mumkin.

Isroilda o‘tgan oy qudrat bo‘lishish asosida yangi hukumat boshqaruvga kelgan.

Ayni shu bitimga muvofiq, anneksiya masalasi 1 iyul kuni ovoz berishga qo‘yilishi mumkin.

Mazkur loyihaga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu boshchilik qilmoqda.

Reja G‘arbiy Sohilning yahudiy manzilgohlari joylashgan hududlari ustidan Isroil hukmronligini kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Agar, tasdiqlansa, loyiha 30 foizga yaqin Falastin yerlarining qo‘shib olinishiga yo‘l ochishi mumkin.

Bu esa, falastinliklarning kelajakda o‘z mustaqil davlatlarini barpo etish istiqbolini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

AQSh Prezidenti Donald Trampning Tinchlik rejasi ham bunga izn beradi.

Shu yil boshida e’lon qilingan mazkur reja bir necha o‘n yillik Isroil-Falastin mojarosiga chek qo‘yishni ko‘zda tutishi aytiladi.

IsroilFoto mualliflik huquqiREUTERS

Maktub

Maktub Yevropa davlatlari Tashqi ishlar vazirliklariga yuborilgan.

Unda, "G‘arbiy Sohilning bir tomonlama anneksiyasi Isroil va Falastin o‘rtasidagi tinchlik istiqbolini yo‘qqa chiqarishi mumkinligi"dan ogohlantiriladi.

"Bu xalqaro munosabatlarni belgilab beruvchi eng muhim mezonlarni savol ostiga qo‘yishi mumkin"ligi aytiladi.

Maktubga 25 davlatdan bo‘lgan mingdan ortiq parlament vakillari imzo chekishgan.

Ular ham Isroil rejasining mintaqa uchun "halokatli bo‘lishi ehtimoli"dan ogohlantirishgan.

Maktubning o‘zi esa, Isroil parlamentining sobiq spikeri va Isroil-Falastin mojarosiga ikki davlatli yechim topish tarafdori bo‘lgan to‘rt jamoat arbobi tomonidan uyushtirilgan.

Unda aytilishicha, prezident Trampning rejasi "amalda Falastinga tegishli hudud ustidan Isroilning doimiy nazoratini ta’minlashi, falastinliklarni suverenitetdan mahrum qilib, G‘arbiy Sohil salmoqli qismining bir tomonlama anneksiyasiga yo‘l ochishi mumkin".

Maktub mualliflarining ogohlantirishlaricha, agar, "anneksiya xamirdan qil sug‘urgandek oson kechsa, hududiy da’voda bo‘lgan boshqa davlatlar uchun yomon namuna bo‘lib xizmat qiladi. Ularni ham "xalqaro qonunchilikning asos tamoyillarini pisand qilmaslikka undaydi".

Ammo maktubda, anneksiyaga qo‘l urgan taqdirda, Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llash borasida ochiqcha so‘z bormaydi.

Isroilning Vashingtondagi elchisi esa, o‘tgan hafta bu kabi xavotirlarni bosib chiqqandek bo‘lgan.

Isroil AQSh prezidenti Donald Tramp bo‘lajak Falastin davlati uchun ko‘zda tutgan hududlarni qo‘shib olmasligi, kelasi yillari u yerlarda yahudiy manzilgohlari barpo etmaslik ahdida qat’iy qolishini aytgan.

Ham Isroil va ham AQSh bu rejaga "ikki davlatli yechim"ning amaliy ifodasi o‘laroq baho berishgan.

Falastinliklar Trampning bu rejasiga oshkora qarshi chiqishgan va AQSh bilan diplomatik aloqalarni boykot qilishgan.

1967 yilgi Yaqin Sharq urushidan buyon G‘arbiy Sohil Isroilning ishg‘oli ostida.

Orada kechgan vaqt davomida hududda 130 dan ortiq yahudiy manzilgohi barpo etilgan, hozirga kelib, ularda ja’mi yarim millionga yaqin yahudiy yashaydi.

Xalqaro qonunchilikka muvofiq, bu yahudiy manzilgohlari noqonuniy, deb ko‘rib kelinadi.

Ammo Isroil va Tramp ma’muriyati ostidagi AQSh buni rad etib keladi.

Kiritildi: 17:53 24.06.2020. O'qildi: 3463 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!