Bugun 15 may, 2026 yil, juma

КИР

Isroil mudofaa vaziri Lamin Yamalni Falastin bayrog‘ini ko‘targani uchun tanqid qildi

Isroil mudofaa vaziri Lamin Yamalni Falastin bayrog‘ini ko‘targani uchun tanqid qildi

Isroil mudofaa vaziri Israel Kas “Barselona” futbolchisi Lamin Yamalni Ispaniya chempionligi paradi vaqtida Falastin bayrog‘ini namoyish etgani uchun tanqid qilib, bu harakatni “nafrat uyg‘otish” deb atadi.

13 may, dushanba kuni Barselona ko‘chalarida klubning La Ligadagi g‘alabasiga bag‘ishlangan tantanali parad bo‘lib o‘tdi. Mahalliy ma’murlarning ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda 750 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Tantanalar vaqtida 18 yoshli Lamin Yamal ochiq avtobus ustida Falastin bayrog‘ini hilpiratgan. E’tiqodi musulmon bo‘lgan futbolchi keyinchalik ushbu voqea aks etgan suratlarni o‘zining Instagram sahifasiga ham joylashtirgan.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kas o‘zining X (Twitter) sahifasida futbolchining harakatiga nisbatan keskin fikr bildirdi.

“Lamin Yamal askarlarimiz 7 oktyabr kuni yahudiy bolalari, ayollari va qariyalarini vahshiylarcha qirg‘in qilgan, zo‘rlagan va yoqib yuborgan "Hamas" terrorchilik tashkilotiga qarshi kurashayotgan bir vaqtda, Isroilga nisbatan nafrat uyg‘otishni tanladi”, deb yozadi Kas.

Ma’lumot o‘rnida, Ispaniya hukumati va mamlakat aholisining katta qismi Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini keskin tanqid qilib kelmoqda. Xabarlarga ko‘ra, 2023-yilgi hujumlarga javoban boshlangan urush natijasida G‘azoda 72 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

G‘azodagi gumanitar holat tufayli Isroilga nisbatan jahon miqyosidagi noroziliklar sport va madaniyat sohalariga ham ko‘chgan. Xususan, o‘tgan yili Ispaniyadagi “Vuelta” velopoygasi Isroil jamoasi ishtiroki sababli namoyishchilar tomonidan bir necha bor to‘xtatib qo‘yilgan edi. Shuningdek, Ispaniya Isroil ishtirokiga norozilik sifatida “EvrovideniYE” qo‘shiq tanlovini boykot qilgan beshta davlatdan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Lamin Yamal iyun va iyul oylarida Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida Ispaniya terma jamoasi safida maydonga tushishi kutilmoqda.

Kiritildi: Bugun 11:29. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!