Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudi Prezident ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakni qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. Sud jarayonida uning folbin bilan maslahatlashgani haqida ham so‘z bordi.
Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudi bugun, 14 may kuni Prezident ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakni pul yuvish ishi bo‘yicha ikki oyga qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. Sud uning ozodlikka chiqishi uchun 140 million grivna miqdorida garov belgiladi. Bu haqda «Bi-bi-si» rus xizmati xabar bermoqda.
10 million dollarlik sxema
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yermak bir guruh siyosatchi va biznesmenlar bilan birgalikda Kiyev yaqinidagi «Dinastiya» kottej shaharchasida elita turar-joylarini qurish orqali taxminan 460 million grivna (10,5 million dollar) mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan va yuvgan.
Aytilishicha, 2021 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘lar to‘rtta hashamatli rezidensiya qurilishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, Yermak ulardan birining egasiga aylanishi kerak bo‘lgan.
Folbin maslahati
Sud jarayonida tergovchilar Yermakning faoliyatiga doir shov-shuvli detallarni ochiqladi. Prokurorlarning ta’kidlashicha, Yermak davlat lavozimlariga nomzodlarni tayinlashda «Veronika Fenshuy» nomi bilan ro‘yxatga olingan astrolog (folbin) bilan maslahatlashgan.
Ermak nomzodlarning tug‘ilgan sanasini folbinga yuborib, ularning «kelajagini» tekshirtirgan. Masalan, Prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Oleg Tatarovning tayinlanishi ham aynan shunday «maslahat» asosida bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ermakning haydovchisining avtomobilidan Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) rahbariyatiga tayinlanadigan shaxslarning maxfiy rejalari yozilgan qog‘ozlar topilgan.
Qulashning boshlanishi
Andrey Yermak besh yil davomida Ukrainaning eng qudratli amaldori bo‘lib kelgan. Uning qulashi o‘tgan yilning noyabr oyida «Energoatom» davlat kompaniyasi atrofidagi yirik korrupsiya janjali — «Mindichgeyt» bilan boshlandi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning sobiq biznes sherigi Timur Mindich markazida bo‘lgan bu janjaldan so‘ng Yermak lavozimidan bo‘shatilgan edi. Yermakning advokati Igor Fomin belgilangan garov miqdorini «aqlga sig‘maydigan» deb atadi.