Xitoy raisi Si Jinpin Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp bilan Pekindagi uchrashuvda dunyo chuqur o‘zgarishlar va beqarorlik davrini boshdan kechirayotganini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh va Xitoyning hamkorligi “Fukidid tuzog‘i”dan chiqish va yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi modelini yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
"Biz global muammolarni hal qilish va dunyoda barqarorlikni ta’minlash uchun birlasha olamizmi, xalqlarimiz farovonligi hamda insoniyat kelajagi uchun mas’uliyatni bo‘lishamizmi? Bular tarix, tinchlik va xalqlarimiz taqdiri bilan bog‘liq masalalardir", — dedi Si.
“Fukidid tuzog‘i” atamasi amerikalik siyosatshunos Greham Allison tomonidan ommalashtirilgan bo‘lib, kuchayib borayotgan yangi davlat amaldagi global yetakchi mamlakatni siqib chiqarishga uringanda urush xavfi ortishini anglatadi.