Isroil harbiylari Livanning janubidagi Aytarun qishlog‘ini tark etishi kerak edi, ammo buning o‘rniga, fuqarolik uylarini yoqib, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni buzdi. Livan matbuotining xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi Harika hududidagi uylarni ataylab yoqib yuborgan.
2024 yil 27 noyabr kuni imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga muvofiq, Isroil qo‘shinlari 60 kun ichida Livanning janubidan chiqib ketishi shart edi. Ammo Isroil Livan armiyasining «mintaqada to‘liq joylashmaganini» ro‘kach qilib, bosib olish muddatini 18 fevralgacha uzaytirdi.
Livan armiyasi o‘n kundan beri Aytarunga kira olmayapti, chunki Isroil harbiylari yo‘llarni harbiy texnika bilan to‘sib qo‘ygan. Ayni paytda yo‘llarni ochish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Isroil qo‘shinlari to‘liq chiqib ketmaguncha, tinch aholi vakillarining o‘z uylariga qaytishiga ruxsat berilmaydi.
Bundan avval Isroil armiyasi Livanning sharqidagi Beka vodiysida Hizbulloh harakatining harbiy ob’ektlariga aviazarba berganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Isroil harbiylari «Suriya-Livan chegarasida qurol kontrabandasi uchun ishlatilgan infratuzilmalar»ga ham hujum uyushtirgan.
Bu hujumlar tinch aholining o‘z uylariga qaytishiga to‘sqinlik qilmoqda. Hozirda 100 mingdan ortiq livanlik qochqinlikda qolmoqda.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 26 yanvardan beri Isroil armiyasi hujumlari natijasida 28 kishi halok bo‘lgan, 216 kishi jarohat olgan.