Isroil hukumati Global Sumud flotiliyasi tarkibida dengiz qamalini yorib o‘tishga va G‘azo sektoriga kemalarda yetib borishga uringan shvesiyalik faol Greta Tunberg va yana 170 kishini deportasiya qildi.
Deportasiya qilingan faollar orasida Tunbergdan tashqari bir qator G‘arb davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Germaniya, AQSh va boshqa davlatlar fuqarolari ham bor, deb xabar berdi Isroil TIV. Faollar Gresiya va Slovakiyaga yuborilgan.
Isroil TIV deportasiya qilinganlarni «fitnachilar» deb atadi. Shu bilan birga, vazirlik ta’kidlaganidek, «ushbu piar-aksiya ishtirokchilarining barcha qonuniy huquqlariga to‘liq rioya qilingan va qilinadi». Qayd qilinishicha, faollardan biri Kesiot qamoqxonasining tibbiy xodimini tishlab olgan. Isroil buni «zo‘ravonlik» sifatida baholadi.
Greta Tunberg iyun oyida ham kemada G‘azoga kirishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.
Oktyabr oyi boshida Isroil harbiylari barcha kemalarni to‘xtatib, Greta Tunberg va boshqalarni hibsga oldi. Shundan so‘ng shvesiyalik faol ayol o‘ziga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotganidan shikoyat qildi.