Bugun 26 avgust, 2026 yil, chorshanba

КИР

Isroil falastinlik mahkumlar uchun timsohli qamoqxona qurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Isroil falastinlik mahkumlar uchun timsohli qamoqxona qurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Isroil falastinlik mahkumlar saqlanadigan qamoqxonalarni timsohlar yashaydigan suv handaqlari bilan o‘rash tashabbusini amalga oshirish yo‘lida huquqiy qadam tashladi. Bu haqda Isroilning Channel 7 va Channel 13 telekanallari xabar berdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Idit Silman timsohlarning huquqiy maqomini o‘zgartiruvchi qarorni imzolagan. Endi ular «nazorat qilinadigan yovvoyi hayvonlar» toifasiga kiritilgan. Bu esa davlat muassasalariga, jumladan, Isroil Qamoqxonalar boshqarmasiga belgilangan talablarga rioya qilgan holda ularni saqlash imkonini beradi.

Avval timsohlar muhofaza qilinadigan yovvoyi hayvonlar hisoblangan va ularni faqat lisenziyaga ega hayvonot bog‘larida saqlash mumkin edi. Aynan shu maqom loyihani amalga oshirishdagi asosiy huquqiy to‘siqlardan biri bo‘lgan.

Channel 13 ma’lum qilishicha, qonunchilikka kiritilgan o‘zgarish Isroil Tabiat va bog‘lar boshqarmasi loyihaga qarshi chiqqanidan keyin amalga oshirilgan. Isroil OAV bu tashabbusni «timsohli qamoqxona» deb atay boshlagan.

Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir mazkur tashabbusni taxminan yarim yil avval ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, qochishning oldini olish maqsadida suv handaqlari va ulardagi timsohlar bilan o‘ralgan qattiq tartibli qamoqxona qurilishi rejalashtirilgan.

Channel 7 xabariga ko‘ra, Isroil Qamoqxonalar boshqarmasi loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Xususan, idora xodimlari timsohlarni saqlash va parvarishlash shartlari bilan tanishish uchun hayvonot bog‘lariga tashrif buyurmoqda.

Rasmiylar fikricha, timsohlardan foydalanish qo‘riqlash xarajatlarini qisqartirish bilan birga qamoqxonalar xavfsizligini ham oshiradi. Yosh timsohning narxi taxminan 8 ming dollar, katta timsohniki esa 20 ming dollargacha baholanmoqda.

Hozircha Isroil Qamoqxonalar boshqarmasi loyiha tayyorgarligi yoki uni amalga oshirish mumkin bo‘lgan joy yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Falastin rasmiylari va Isroil huquqni himoya qiluvchi tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Isroil qamoqxonalarida ayollar va voyaga yetmaganlar ham qo‘shilganda taxminan 10 ming nafar falastinlik saqlanmoqda. Huquq himoyachilari bir necha bor mahkumlarning ochlikka mahkum qilinishi, qiynoqqa solinishi, tibbiy yordamdan mahrum etilishi va hibs joylarida vafot etishi holatlari haqida bayonotlar bergan.

Kiritildi: 21:15 21.07.2026. O'qildi: 1030 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!