Eronning eng yirik kriptovalyuta birjasi Nobitex yangi kiberhujumga uchradi: 90 million dollarlik kriptovalyuta noqonuniy yo‘l bilan birjaning raqamli hamyonlaridan chiqarib yuborildi. Hujum uchun javobgarlikni o‘zini Gonjeshke Darande ("Yovvoyi chumchuq") deb atagan xakerlar guruhi zimmasiga oldi. Ularning aytishicha, Nobitex Eron hukumatiga xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishda va tashqi terroristik faoliyatni moliyalashtirishda yordam bergan.
Guruh ijtimoiy tarmoqlarda shunday bayonot berdi:
"Nobitex — rejimning terrorizmni moliyalashtirishdagi asosiy quroli. Kimki bu infratuzilmaga bog‘liq bo‘lsa, o‘z boyligini xavf ostiga qo‘yadi."
Elliptic kiberxavfsizlik kompaniyasi tahliliga ko‘ra, xakerlar kriptovalyuta mablag‘larini shunday manzillarga yo‘llaganki, u yerdan ularni hatto o‘g‘rilari ham qaytara olmaydi — amalda pullar "yoqib yuborilgan".
Manzillardan biri hatto ochiq tahdid bo‘lib, unda shunday nom bor: "F*ckIRGCterrorists". Bu IRGC — ya’ni Eron Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi (KSIR)ga qarshi yo‘naltirilgan. Ushbu harbiy tuzilma ko‘pincha Eron rejimining tashqi harbiy amaliyotlarida ishtirok etuvchi asosiy kuch sifatida tilga olinadi.