Ispaniyada poyezdlar halokatli to‘qnashuvidan oldin signalizasiya tizimida nosozlik yuz bergan va dispetcherlik markazi harakatni qayta tiklashga qaror qilgan.
The Guardian nashri xabar berishicha, bu haqda Ispaniya transport vaziri Oskar Puente ma’lum qilgan. U hodisalar ketma-ketligini tiklangan holda bayon qilib, poyezdlar va dispetcherlik markazi o‘rtasidagi muzokaralar yozuvlarini taqdim etgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 08:30 da aloqa bilan bog‘liq muammolar sababli LZB poyezdlar harakatini boshqarish tizimida nosozlik yuz bergan. Natijada uzunligi 60 kilometrdan biroz ortiq bo‘lgan temiryo‘l uchastkasida tizim nazorati yo‘qolgan. Bu esa oltita poyezdning avtomatik ravishda to‘xtashiga olib kelgan.
Biroq mahalliy vaqt bilan taxminan soat 08:36 da Adif dispetcherlik markazi ogohlantirishni bekor qilish va poyezdlar harakatini qayta tiklash bo‘yicha qo‘lda boshqariladigan buyruq bergan. Vazir bunday qaror qabul qilinmasligi kerakligini ta’kidlagan.
Keyingi 25 daqiqa davomida ikkinchi AVE poyezdi 25 kilometr masofani bosib o‘tgan va shundan so‘ng harakatsiz turgan Iryo poyezdi bilan to‘qnashgan.
Puentening qayd etishicha, Ispaniya temiryo‘l tarmog‘ida poyezdlarning orqadan kelib to‘qnashishi kam uchraydigan hodisa hisoblanadi. U halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, sodir bo‘lgan voqeani hayotidagi eng og‘ir damlardan biri deb atagan.
Ispaniyadagi temiryo‘l halokati Toledo provinsiyasidagi Urda stansiyasi yaqinida Renfe va Iryo poyezdlari to‘qnashishi oqibatida sodir bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 64 kishi halok bo‘lgan.