Ispaniyaning La Vuelta velopoygasining 5-bosqichi vaqtida faollar Isroil-Premyer Tek jamoasi sportchilari harakatini to‘sib qo‘yishdi.
Kecha Kataloniyaning Figueres shahri hududida, poyganing 24-kilometrida bir guruh namoyishchilar Falastin bayroqlari va Isroilning G‘azodagi harakatlariga qarshi shiorlar yozilgan bannerlar bilan yo‘lni to‘sib, isroillik velosportchilar harakatini vaqtincha sekinlashtirdi.
La Vuelta bosh direktori Xavyer Gillenning ta’kidlashicha, tinch namoyish qonuniy hisoblanishi mumkin, ammo zo‘ravonlik bilan to‘sqinlik qilish qonunga ziddir. U sportchilarga yana shunday to‘siq qo‘yilmasligi uchun choralar ko‘rilishini bildirdi.
Shu bilan birga, Ispaniyadagi bir qator falastinparvar tashkilotlar “Isroil sportini boykot qilish platformasi” nomli kampaniyani boshlab, Isroilning sport musobaqalarida ishtirokini cheklashga chaqirmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlarda ham Isroil jamoasining La Vueltada qatnashishiga qarshi namoyishlarga chorlamoqda.