Human.uz ijodiy jamoasi Kanadada istiqomat qilayotgan mustaqil jurnalist, “Dunyo o‘zbeklari” sayti asoschisi Ismat Xushev bilan ochiq muloqot qildi.
– Odatda yuzma-yuz loyihasini sizning efirlaringizda ko‘rishga odatlanganmiz. Biz ham ana shu loyihani tashkil etdik va unda sizning ko‘rib turganimizdan xursandmiz....
– Bu loyiha dunyo amaliyotida bor. Masalan, “Evgeniy Kselov bilan yuzma-yuz”. O‘zbek jurnalistikasida nafaqat Ismat Xushev bilan yuzma-yuz, balki Sharof Ubaydullayev bilan yuzma-yuz, Karim Bahriyev bilan yuzma-yuz, Mavjuda Mirzayeva bilan yuzma-yuz, siz bilan yuzma-yuz kabi dasturlar orqali har bir jurnalist o‘zining imkoniyati, iste’dodi darajasida chiqishlar qilishi lozim. Bu juda yaxshi. Bu loyiha bilan sizlarni tabriklayman. Bugun sizlarning “Yuzma-yuz” dasturlaringizda ishtirok etayotganimdan faxrlanaman. Chunki sizlar keyingi vaqtda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan iqilobiy o‘zgarishlarga kamarbasta bo‘layotgan, kam sonli nashrlar sirasiga kirasizlar.
– Vatanga qaytganingizdan keyin qanday o‘zgarishlarni kuzatdingiz?
– Odamlar ertangi kunga ishonch bilan yashayapti. Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lib kelganidan buyon odamlarning ruhi ko‘tarilganini O‘zbekiston bo‘ylab ko‘rish, kuzatish mumkin. Men uchun vatan darvozalari ochildi va bugun oltinchi bor yurtimga keldim. Bu – yangi rahbar va uning siyosati bois ro‘y berdi. Men vatanimga istalgan vaqtda kelib mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rish baxtiga erishdim.
Odamlarga gapirish huquqi berildi. Insonlar ko‘nglida cho‘kib yotgan tuyg‘ulari, iztiroblarini matbuot orqali aytish imkoni yaratilgan. Bularning barchasi Prezident boshlagan yangi siyosatdan, O‘zbekiston eski bir qatlamdan, yangi bir pog‘onaga ko‘tarilganidan dalolatdir. O‘zbek jurnalistikasi va matbuoti ham uyg‘ondi. Buni – dadil ayta olaman.
– Mamlakat darvozasi siz uchun ochilishini necha kun, necha yil kutdingiz?
– Menga vatanimni Shavkat Mirziyoyev qaytarib berdi. Qashqadaryoga borib, ota-onam va akam qabrlarini ziyorat qildim. Mana shu baxt. O‘z vataningni qayta kashf etish, uning chegaralarini bosib o‘tish baxt. Buni vatanda yashab yurganlar tushunmaydi. Buni vatanidan butun umrga badarg‘a qilinganlar yaxshi tushunadi.
Shavkat Mirziyoyev bir nutqida aytgan edi, “Chet eldagi vatandoshlarimiz ham bizning farzandlarimiz. Ular bizning aybimiz tufayli, biz jamiyatda paydo qilgan muammolar tufayli xorijga ish izlab ketdi.” Bularning hammasi bugun Prezident amalga oshirayotgan oqilona siyosat inikosidir.
– Dadil, haq so‘zimizni aytishga ba’zida cho‘chib turamiz. Biz ichki senzura, qo‘rquvdan qutiladigan vaqt kelarmikan?
Bugun davlat xavfsizlik xizmatida mana shu siz nazarda tutgan masalalar yuzasidan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Buni men jurnalist sifatida yaxshi bilaman. Prezident qo‘ygan topshiriqlar ijobiy yechim topadi. Masalan, ayni paytda xorijda yashayotgan vatandoshlarga o‘gay nigoh bilan emas, to‘g‘ri ko‘z bilan qaralmoqda. Buning tepasida DXX va Tashqi ishlar vazirligi turibdi. Vatan chegarasi juda muqaddas. Xorijdagi vatandoshlarimiz yurtga qaytar ekan, chegarada ularni nazorat qilishi tabiiy jarayon. Agar to‘g‘ri niyatda bo‘lsa, quchoq ochib kutib olinmoqda. Agar bir-ikki adashganlar bo‘lsa, ular bilan savol-javob o‘tkazilyapti. Bu normal jarayon. Buni to‘g‘ri tushunish lozim.
Oldingi davr o‘tdi. Bugun DXX O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga kamarbasta bo‘lib turibdi. Shuni biz jurnalistlar ommaga yetkazishda ojizlik qilayapmiz. Bugun ham DXX haqida odamlarda noto‘g‘ri tushunchalar bor, ularning hammasini yo‘qqa chiqarishi lozim.
Bugun 50dan ortiq davlatga O‘zbekistonga vizasiz tartib joriy etilgan. Oldin Kanadadan O‘zbekistonga kelish uchun viza olish kerak edi. Hozir bir oyga vizasiz kelish tizimi joriy etildi. Hozir Prezident farmoni bilan nafaqat, o‘zbeklar, balki butun kanadaliklar O‘zbekistonga kelishi mumkin. Davlat idoralari amalga oshirayotgan ishlarni xalqqa yetkaza olishimiz kerak.
– Ismat Xushev shaxsiyati haqida gap ketganda maqtovni ham, tanqidni ham do‘ndiradi, degan ta’rif qo‘llaniladi. Umuman olganda xolislik mezonini siz qanday baholaysiz?
Xolis bo‘lish kerak. Majburmiz. Xolis bo‘lmasak, xalq bizga ishonmaydi. Bizni “ajiataj” bo‘lib kuzatishmaydi. Maqtov ortidan quvgan, bu qadar e’tiborga tushib bo‘lmaydi. Human.uz sayti ham tanqidga xolis baho bera olgan uchun ham qisqa fursatda, e’tiborga tushdi, nufuzga ega bo‘ldi.
Ko‘pincha maddohlar haqida gap ketganda, ular baribir odamning etini o‘ldiradigan insonlar, deb hisoblanadi. Ular maddohligini fidoyilik bilan ifodalamoqchi bo‘lishadi. Maddohlik va fidoyilik orasida qanaqa chegara yoki farq bor?
Meni ko‘plar maddoh, deydi. Bir odamni ko‘r ko‘rona maqtaydi, uning aybi bo‘lsa ham, u hech narsa qilmasayam dohiy darajasiga olib chiqiladi. Bu – maddohlik bo‘ladi. Fidoyilik bu – yaxshi odamga mehr qo‘yish, sadoqat ko‘rsatishdir.
– 90-yillar jurnalistikasi va bugungi jurnalistikaning o‘xshashlik hamda farqli jihatlarini nimalarda ko‘rasiz?
Masalan, I.Karimov Prezident sifatida matbuotga hamisha e’tibor qilardi. Axborotni muntazam ko‘rardi va bundan keyin juda ko‘p rahbarlar ishiga chek qo‘yilardi. Juda ko‘p to‘polon bo‘lardi. Ana shundan keyin uning atrofidagilar axborotni soxtalashtirishga urindi. Prezident O‘zbekitondagi vaziyatdan televideniya orqali xabardor bo‘ladigan bo‘ldi. Joylarga chiqishlar to‘xtadi. Onda-sonda chiqsa ham uyushtirilgan odamlar turdi. Vaziyat teatrlashgan holatlar yuzaga keldi. Sizga bir voqeani aytib beray:
Temir Alimov biz qamalgandan keyin Prezident davlat maslahatchisi bo‘ldi. Kadrlar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgandan Islom Karimov u kishini huzuriga chaqiradi. Chunki Prezident oldiga respublikadagi barcha gazetalar kirardi. Hattoki Traktor zavodi muassisligidagi “Motor” gazetasi ham kirgan. Shu gazeta turgan ekan. Unda bir tanqidik maqola chiqqan ekan. Shuni o‘qib qolgan. Prezident maslahatchisiga hammasi yaxshimi, deb so‘rabdi. Yo‘q gazeta to‘g‘ri masalani ko‘targan, deb stol mushtlagan ekan. Shundan keyin Temir Alimov, o‘sha davrdagi Prezident maslahatchisi, hozirgi Jurnalistlar uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimga Prezident aytgandan buyon mana shu “Motor” gazetasini qoldirmay o‘qiyapman, degan ekan.
Har bir rahbar zimmasidagi vazifasini bajarsa, O‘zbekistonda hammasi yaxshi bo‘ladi. Lekin bizda ma’suliyatni yelkasiga olish yo‘q. Buni qilsam, ertaga ishdan ketib qolmaymanmi, degan qo‘rquv bor. Shuning uchun ham amalga joriy etilayotgan islohotlar tormozlanib turibdi.