Yurtimizga qaytib kelgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Albatta, bu biz uchun yuksak e’tirof, yuksak yutuq! Bosh murabbiy sifatida buning uchun barchaga minnatdorchilik bildiraman. Bu g‘alaba yo‘lida juda ko‘pchilikning mehnati yotibdi. Juda ko‘p insonlar bu yo‘lda mehnat qildi, ularning barchasiga rahmat aytaman. Hozirgi his tuyg‘ularni ta’riflab bo‘lmaydi.
Birinchi bo‘limdan so‘ng tarkibimizda 9 kishi qolganidan so‘ng oldimizda boshqa yo‘l yo‘q edi. Faqat bitta yo‘l bor edi, o‘yini qutqarib qolish vazifasi qolgandi. Murabbiylar bilan to‘g‘ri yechim topa oldik deb o‘ylayman. Futbolchilar matonat ko‘rsatishdi va biz g‘alaba qozondik.
Ikkita qizil kartochka ruhiy ta’sir qildi. Biroq ishonch bor edi. Murabbiy sifatida tushkunlikka tushmaslikka harakat qildim. Tanaffusda futbolchilarni ruhan tiklashga harakat qildim va biz buni uddaladik.