O‘zbekistonda 2026 yilning 1-choragida mehnat faoliyati bilan bog‘liq jami 198 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hodisalarning 9 tasi guruhiy, 139 tasi og‘ir oqibatli, 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Oqibatda 223 nafar fuqaro jabrlangan bo‘lib, ularning 146 nafari og‘ir tan jarohati olgan, 15 nafari yengil jarohatlangan, 62 nafari esa halok bo‘lgan.
Sohalar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisalar sanoat va qurilish tarmoqlarida kuzatilgan. Jumladan, sanoat sohasida 71 ta, qurilishda 54 ta, qishloq va suv xo‘jaligida 9 ta, transportda 8 ta, savdo va xizmat ko‘rsatishda 8 ta, ta’limda 6 ta hamda sog‘liqni saqlash tizimida 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda 44 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 36 ta, Toshkent viloyatida 29 ta, Navoiyda 18 ta, Buxoroda 16 ta, Andijonda 15 ta, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 13 tadan baxtsiz hodisa kuzatilgan.
Qoraqalpog‘istonda 10 ta, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida 10 tadan, Namanganda 7 ta, Xorazm va Jizzax viloyatlarida esa 5 tadan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida jami 849 ta shunday hodisa tekshirilib, rasman hisobga olingan.