Iroq xavfsizlik kuchlari aholi va harbiylashtirilgan guruhlar qo‘lidagi qurol-yarog‘ ustidan davlat nazoratini o‘rnatish kampaniyasi doirasida qariyb 1,2 million dona o‘qotar qurolni musodara qildi.
Bu haqda Iroq xavfsizlik kuchlari media markazi rahbari, general Sa’d Maan ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kampaniya boshlanganidan buyon, jumladan, kuch tuzilmalarining maxsus operasiyalari davomida 1 million 191 ming 441 dona o‘qotar qurol hamda turli xildagi 11 milliondan ortiq o‘q-dori musodara qilingan.
Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 201 mingdan ortiq raketa va bombani, jumladan, qo‘lbola portlovchi qurilmalarni ham musodara qilgan.
«Faqat o‘tgan haftaning o‘zida 8,7 mingdan ortiq qurol ro‘yxatga olindi», — dedi Maan.
Uning aniqlik kiritishicha, tadbirlar Iroq Ichki ishlar vazirligi huzuridagi qurol-yarog‘ muomalasini tartibga solish va uni davlat nazoratiga o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan maxsus milliy qo‘mita nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
Generalning baholashicha, erishilgan natijalar qurollarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda hamda davlat tizimidan tashqarida faoliyat yuritayotgan qurolli tuzilmalarni tugatish borasida muayyan yutuqlarga erishilganidan dalolat beradi.