18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati va jamoasi, barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari, filiallar direktorlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama qilingan. Bu haqda "davletov.uz" xabar qildi.
5 soatlik tadbir juda tanqidiy ruhda o‘tgan. Majlisda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatasiyasi instituti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti rektorlari “korrupsiya, ichki muhitning buzilishi, guruhbozliklarning avj olgani uchun” hayfson olgan, jiddiy ogohlantirilgan.
Majlisda, shuningdek, Iqtisodiyot universiteti va Moliya institutining rektordan boshqa barcha rahbariyati ishdan olingani ma’lum qilingan.