Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon meteorologiya bo‘limi (WMO) xabar berdi.
Tashkilot hisobotiga ko‘ra, global harorat rekordi hatto 2027 yilning o‘zidayoq yangilanishi mumkin. Mutaxassislar bu yil oxirida El-Nino iqlim hodisasi boshlanishini kutmoqda. Bu esa Yer atmosferasida haroratning yanada oshishiga olib kelishi mumkin.
Hisobot Buyuk Britaniyaning Met Office markazi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda 2026-2030 yillar orasidagi kamida bir yil 2024 yilni tarixdagi eng issiq yil sifatida ortda qoldirishi ehtimoli 86 foiz ekani aytilgan. Shuningdek, keyingi besh yillik o‘rtacha harorat sanoat inqilobidan oldingi davrga nisbatan 1,5 darajadan yuqori bo‘lishi ehtimoli 75 foizga baholanmoqda.
BMTning iqlim bo‘yicha rahbari Saymon Still Yevropa va boshqa hududlardagi kuchli jazirama iqlim inqirozining insonlar va iqtisodiyot uchun qanchalik xavfli ekanini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidlagan. Mutaxassislar fikricha, issiqxona gazlari chiqindilari, ayniqsa neft, gaz va ko‘mir yoqilishi tufayli atmosferada uglerod miqdori ortib bormoqda. Bu esa kuchli issiq to‘lqinlari, qurg‘oqchilik, bo‘ron va suv toshqinlari kabi ekstremal ob-havo hodisalarini ko‘paytirgan.
Hisobotda aytilishicha, hozirning o‘zida global isish har daqiqada taxminan bir insonning hayotiga ta’sir qilmoqda. Agar chiqindilar keskin kamaytirilmasa, bu ko‘rsatkich yanada ortadi. Arktika hududi keyingi besh qish mavsumida odatdagidan 2,8 daraja issiqroq bo‘ladi. Bu esa mintaqa dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan uch baravar tezroq qizib borayotganini anglatadi.
Yog‘ingarchilik bo‘yicha prognozlarda esa Shimoliy Yevropa, Sahel, Alyaska va Sibirda namgarchilik ko‘payishi, Amazonka hududida esa qurg‘oqchilik kuchayishi mumkinligi qayd etilgan.