Iordaniya qiroli Abdulla II harbiy harakatlardan so‘ng G‘azo sektorini Falastin anklavidagi aholini ko‘chirmasdan qayta qurishga chaqirdi.
Bu haqda qirol Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zining X sahifasida yozgan.
"Uchrashuvda men Iordaniyaning G‘azo va G‘arbiy Sohildan falastinliklarning ko‘chirilishiga qarshi qat’iy pozisiyasini yana bir bor tasdiqladim. Bu arab davlatlarining umumiy pozisiyasidir. G‘azoni aholisini ko‘chirmasdan qayta tiklash, shuningdek, sektordagi og‘ir gumanitar vaziyatni hal qilish hamma uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak", - dedi qirol.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u “mintaqada hamma uchun adolatli va keng qamrovli tinchlikka erishish uchun hamkorlar bilan samarali ishlashda” davom etish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida Tramp Vashington G‘azo sektorini Yaqin Sharqdagi tinchlik manfaatlari yo‘lida rivojlantirish maqsadida unga uzoq muddatli egalik qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi.