Bugun jamiyatimizda shunday tartib paydo bo‘lganki, ishga borib kelish, ovqatlanish, uxlash, va shu kabi maishiy ishlar bilan band bo‘lib, atrofimizda boshqa qilinishi kerak bo‘lgan muhim vazifalarni yoddan chiqaramiz. Sababi biz, bunday tartibiga o‘rganib qolganmiz. Mamlakatimizda hamma narsa inson uchun va uning farovon yashashi uchun xizmat qiladi. Zero fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish eng asosiy harakatlardir.
Yuqoridagi ta’kidlarni bekorga keltirmadik. Har birimiz g‘oyalar, fikrlar va bilimlarga egamiz. Shu g‘oyalar asosida kimdir ishlab chiqarish, yana kimdir ma’lum xizmatlarni yo‘lga qo‘yadi. Tadbirkorlik faoliyatini yuritadi. Darhaqiqat bir ishni yo‘lga qo‘yish va uning ortidan ko‘zlangan daromadni olish oson ish emas. Daromad keltiradigan g‘oyalar, tayyor biznes kimga kerak emas?! Hammaga kerak! Albatta uni birovga berib qo‘ygingiz kelmaydi. G‘oyalaringizdan boshqalar foyda ko‘rishini xohlamaysiz. Ammo, ko‘pchilik intellektual mulkni qanday himoya qilish yo‘lini o‘ylab ham ko‘rmagan. Bu borada respublikamizda Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyat yuritishi haqida to‘liq tushunchaga ega emas. Bu esa g‘oya muallifi, qolaversa tadbirkorning eng katta kamchiligidir.
Basharti, intellektual mulkning muallifi hisoblansangiz, intellektual faoliyatingiz natijasidan noqonuniy foydalanilganlikdan zarar ko‘rayotgan bo‘lsangiz, sizda himoyalovchi huquqiy asos bor. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida mustahkamlangan bo‘lib, aynan 42-moddasida shunday belgilangan:«Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.»
Intellektual mulk agentligi 2018 yilda - 6 ta (2 tasi qabul qilingan), 2019 yilda - 12 ta (4 tasi qabul qilingan), 2020 yilning birinchi yarim yilligida - 5 ta (1 tasi qabul qilingan) normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqdi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritdi.
«Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 145-bandiga asosan ishlab chiqilib, 2020 yil 18 iyun kuni kelishish uchun vazirlik va idoralarga kiritildi.
Shu bilan birga, 2019 yilning birinchi yarim yilligi oralig‘ida Parlament tomonidan soha faoliyatiga oid 3 ta qonun qabul qilindi. Qonunlarning bittasi Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan bo‘lsa, qolgan 2 tasi Butunjahon intellektual mulk tashkilotining xalqaro shartnomalariga qo‘shilishi to‘g‘risidadir.
Misol uchun, Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan “Mars, Incorported” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanib kelgan MCHJga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi. Xuddi shunday o‘rganish ishlari tovar belgisining respublikamizda franshizing shartnomasi bo‘lmagan holda foydalanilayotganligi holati o‘rganildi. Ayni paytga kelib bu holatda qonun talabini buzib kelayotgan tadbirkorga nisbatan soliq organlari bilan birga yetarli tushuntirish berilgan, savdo belgisidan foydalanishga chek qo‘yish ishlari boshlangan.
O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyevning mualliflik asari – «Shaytanat» kinofilmining nomulkiy huquqlari buzilishi bo‘yicha qilgan murojaati (2020 yil 12 may) yuzasidan, 2020 yilning 27 mayda xususiy korxona rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 177-moddasining birinchi qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, Yakkasaroy tuman ma’muriy sudga yuborilgan edi. 2020 yilning 2 iyun kuni mazkur ma’muriy ish bo‘yicha sud muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu jarayonda agentlik tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi hamda huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (1.561.000 so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi. Ko‘rinib turibdiki, Agentlik mas’ul xodimlarining faol harakatlari bilan bu ish 21 kunda o‘z yakuniga yetdi.
Agentlik tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 280-moddasi talablari asosida 2020 yil mart oyida 15 ta intellektual mulk sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli ma’muriy sudlarga yuborildi. Yurtimizda e’lon qilingan karantin sababli ma’muriy sud ishlarini ko‘rish muayyan muddatgacha qoldirilgan edi. Ayni damda ushbu sud jarayonlari yana o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Darhaqiqat, xorijda, shaxsiy intellekt mulklarini himoya qilish, ushbu xizmatdan o‘z vaqtida foydalanish allaqachon fuqarolarning kundalik ehtiyojlariga aylanib bo‘lgan. Zero, kasalni davolashdan ko‘ra uning oldini olgan afzalroq albatta. O‘z intellekt mulkingizni birovga berib qo‘ymang. Intellektual mulk agentligidan o‘z vaqtida patent oling. Sizning g‘oyangizdan ertaga kimdir noqonuniy foydalanishi, sudma-sud yurish kabi holatlarga chek qo‘ying.
Eslatib o‘tamiz, huquqbuzarliklar va ularga sharoit yaratuvchi omillar haqida xabar berish uchun agentlikning (71) 232-50-54 raqamli «ishonch telefoni» faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Dilfuza Ismoilova, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi
etakchi mutaxassisi
Manba: O‘zA