Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi 2014 yilda Donbass uzra 298 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining MH17 reysini urib tushirilishi ortida Rossiya turgan, degan qarorga keldi.
Associated Press agentligi xabar berishicha, xalqaro sud MH17 halokati uchun birinchi marta Rossiyani javobgar deb topmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi yana bir qarorida Rossiya Ukrainadagi urush paytida xalqaro huquqni buzganini ta’kidlagan. Bu birinchi marta xalqaro sud Moskvani 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi chog‘ida inson huquqlari buzilishida aybdor deb topdi.
Sud Rossiyaga qarshi Ukraina va Niderlandiya tomonidan qo‘zg‘atilgan ishlarni ko‘rib chiqish chog‘ida shunday qarorlar qabul qilgan. AR har qanday qaror asosan ramziy ma’noga ega bo‘lishini ta’kidlaydi - 2022 yildan beri Rossiya sud qarorlarini bajarmayapti.
"Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlarini haqiqiy emas deb hisoblaydi va ularni amalga oshirish niyatida emas”, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Malaysia Airlines aviakompaniyasining Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan Boeing samolyoti 2014 yilning 17 iyulida Ukrainaning separatistlar nazoratidagi sharqiy qismidan Rossiyada ishlab chiqarilgan "Buk" raketasi bilan urib tushirilgan edi. Barcha 298 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari, jumladan 196 Niderlandiya fuqarosi halok bo‘lgan.
Niderlandiya sudi 2022 yil noyabrida o‘zini Donbass halq respublikasi deb e’lon qilgan sobiq mudofaa vaziri Igor Strelkov va yana ikki kishini samolyotni qasddan yo‘q qilish va qasddan odam o‘ldirishda ayblab, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Ish bo‘yicha yana bir ayblanuvchi oqlandi.