Amerikalik tadbirkor Ilon Mask AQSh prezidenti Donald Trampni milliarder Jeffri Epshteynga oid hujjatlarni e’lon qilishga chaqirdi. Epshteyn jinsiy zo‘ravonlik va fohishaxona tarmog‘ini tashkil qilganlikda ayblangan va qamoqda vafot etgan, deb yozadi Anadolu agentligi.
Tramp o‘z bayonotida:
«Biz Epshteyn haqida juda ko‘p gapiryapmiz, bunday bo‘lmasligi kerak», — deb yozgan edi.
Mask esa bu so‘zlarga hayrat bildirib:
«Siz chindan ham jiddiy gapiryapsizmi?» — deb javob qaytardi.
Avvalroq Tramp Epshteyn ismini bir necha marta tilga olgan, ammo keyinchalik bu mavzuni qayta-qayta ko‘tarish shart emasligini aytgan.
Ilon Mask o‘z javobida:
«Shunchaki va’dangizga muvofiq hujjatlarni oshkor eting», — deb Trampni ochiqlikka chaqirdi.
Trampning ta’kidlashicha, Epshteynga oid hujjatlar demokratlar rahbarlik qilgan oldingi ma’muriyatlar davrida tayyorlangan. U bu mavzuning hanuz muhokama markazida ekanidan norozilik bildirdi va hujjatlar Barak Obama va Jo Bayden ma’muriyatlari vaqtida yozilganini aytdi.
“Nima uchun biz bu hujjatlarga shuncha ahamiyat beramiz? Ularni Rossiya bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan odamlar yozgan-ku?” — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.