Alloh taoloning Rasuli hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yana bir go‘zal sunnatlari g‘arb olimlarining ilmiy tadqiqotlarida o‘z tasdig‘ini topdi. Bu safar fanga tahnik, ya’ni chaqaloqning tanglayini ko‘tarish sunnatining koni foyda ekani ma’lum bo‘ldi.
Musulmon xalqlarda keng tarqalgan tahnik sunnati chaqaloqning og‘ziga biroz chaynalgan xurmo yoki boshqa mevani solib, tanglayiga surtish bilan ado etiladi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘tarib kelishsa, u zot bolaning haqqiga duo qilib, xurmoning chaynab, uning tanglayini ko‘tarib qo‘yardilar.
Ma’lumki, mo‘min-musulmonlar Islomdagi har bir hukm, har bir ko‘rsatmani Alloh taoloning amri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari deb, ixlos bilan, savob umidida ado etadilar, bundan boshqa hech qanday moddiy yoki boshqa manfaat kutmaydilar. Zero, Qur’onga va Sunnatga amal qilishning ajru savobi butun olamdagi har qanday manfaatdan ulug‘ va ustundir. Ammo Parvardigorimizning cheksiz rahmati tufayli shariatimizning har bir ko‘rsatmasi zamirida olam-olam manfaatlar – axloqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, tibbiy va boshqa ko‘plab foydalar yotadi. Zamonaviy ilm-fan rivojlanib borgan sari, shar’iy hukmlarning bu jihatlari tobora ko‘proq kashf qilinmoqda. Ana shunday sunnatlardan biri bo‘lmish tahnikning tibbiy foydalaridan birini aniqlash sharafi bir guruh g‘arb olimlariga nasib qildi.
Britaniyaning VVS korporasiya tomonidan efirga uzatilgan bir ko‘rsatuvda ekspertlar «chaqaloqning og‘ziga, lunjining ichkarisiga surilgan shakar eritmasi muddatidan erta tug‘ilib qolgan bolaning miyasini shikastlanishdan asraydi» degan fikrni ta’kidlab chiqishdi.
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, chala tug‘ilgan har o‘nta chaqaloqning birida gipoglikemiya, ya’ni qonda qand moddasi miqdorining juda kamligi kuzatilar ekan. Agar bu holat o‘nglanmasa, chaqaloqning miyasiga shikast yetar ekan. Yangi Zelandiyalik shifokorlar yuqoridagi kabi lunjiga shakar eritmasi surilgan 242 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqning qonini tekshirib ko‘rib, ko‘zlariga ishonmay qolishdi. Natija misli ko‘rilmagan darajada edi! Klinik tadqiqotlarning natijalari The Lancet nashrida chop etildi.
Tadqiqot guruhining rahbari, Oklend universiteti professori Jeyn Xarding xonimning aytishicha, dekstroza (d-glyukoza) eritmasi bilan bajariladigan bu muolaja atigi 1 funt turadi va chaqaloqning tomiriga glyukoza yuborishdan ko‘ra anchagina oson va xavfsiz amalga oshiriladi. «Chala tug‘ilgan chaqaloqlarni tinimsiz ovqatlantirib turish gipoglikemiya xavfini to‘liq bartaraf qila olmaydi, shuning uchun ko‘pincha glyukoza tomir orqali yuboriladi», deydi u. Bundan tashqari, tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, dekstroza eritmasi gipoglikemiyaga chalingan chaqaloqlarga kuchli ovqatlanishdan ham ko‘ra yaxshiroq samara beradi.
London universiteti qoshidagi kollejning Ayollar salomatligi instituti xodimi Neyl Marlouning fikricha, mutlaqo arzonga tushadigan, samarasi tajribalarda o‘z isbotini topgan dekstroza eritmasi bilan davolash usuli shifokorlar tomonidan majburiy ravishda qo‘llanilishi lozim.
manba:info.islom.uz