Bugun 11 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Husiylar Saudiya Arabistoniga to‘rtta harbiy hujum uyushtirganini ma’lum qildi

Husiylar Saudiya Arabistoniga to‘rtta harbiy hujum uyushtirganini ma’lum qildi

Yamandagi «Ansor Alloh» harakati Saudiya Arabistonining bir qator strategik ob’ektlariga qarshi to‘rtta harbiy operasiya o‘tkazganini da’vo qildi.

Harakatning harbiy vakili Yahyo Sari’ning ma’lum qilishicha, hujumlarda ballistik raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanilgan.

Birinchi operasiya doirasida Ar-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport hamda «Sharq — G‘arb» neft quvurining bir nechta nasos stansiyasi nishonga olingan. Sari’ ushbu ob’ektlarda yong‘inlar kelib chiqqani va infratuzilmaga zarar yetganini ta’kidladi.

Ikkinchi hujum Saudiya Arabistoni sharqidagi Abqayq shahrida joylashgan Saudi Aramco neft kompaniyasi ob’ektiga qaratilgani aytilmoqda.

Uchinchi operasiya Yamanning janubi-g‘arbidagi Al-Madoriba va Ras-el-Ara hududlarida to‘plangan saudiyalik harbiylarga qarshi amalga oshirilgani bildirildi. Harakat vakili ushbu zarbalar oqibatida ko‘plab harbiylar halok bo‘lgani va jarohatlanganini da’vo qildi.

To‘rtinchi operasiyada esa Ar-Riyoddagi moliyaviy markaz nishonga olingan.

Husiylar vakili xorijiy kompaniyalar va investorlarga murojaat qilib, Saudiya Arabistonidan sarmoyalarini olib chiqishni tavsiya etdi. U Saudiya Arabistoni Yamandagi harbiy harakatlarini to‘xtatmagunicha va blokadani bekor qilmagunicha hujumlar davom etishini bildirdi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalisiya va husiylar o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2026 yil sentyabrida yana keskinlashgan. Oktyabr oyidan boshlab mamlakatning aeroportlari va boshqa strategik ob’ektlariga hujumlar ko‘paygan.

10 oktyabr kuni Ar-Riyod xalqaro aeroportiga berilgan zarba oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, 309 nafar inson jarohat olgandi.

8 noyabr kuni esa Reuters agentligi Saudiya Arabistoni poytaxtida bir qator portlashlar kuzatilgani haqida xabar bergan.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalisiya 10 noyabrda bir nechta raketa va dronlarni urib tushirganini ma’lum qildi. Husiylarning yangi zarbalar oqibatidagi vayronagarchilik va qurbonlar haqidagi da’volari hozircha mustaqil manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan.

Kiritildi: 23:44 10.11.2026. O'qildi: 205 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik