Aleksandr Bissonnett Kanadaning Kvebek shahri g‘arbida joylashgan Kap-Rujda tavallud topgan. Qo‘shnilarining aytishicha, u juda sokin, og‘ir-bosiq, o‘ta kamgap. Faqat egizagi bilan gaplashadi. Yaqin-yaqinlardan beri eng qadrdon tanishlar bilan ham gaplashmay qo‘ygan. Aytishlaricha, u ekstremistik oqim ta’siriga tushgan ekan.
Maktab yillarida esa egizaklarni maktabdoshlar, sinfdoshlar nuqul masxaralashar, lekin egizaklar ularga hech qachon amalda javob qaytarishmagan. Masxaralaganlari uchun jazoashmagan. Yuqori sinfga o‘tgach, Aleksandr Kanada qirollik armiyasining kadetlar kursiga o‘qishga kirdi. Uni tugatgach, universitetda tahsil oldi. Ovga qiziqdi. Buning uchun qonun yo‘li bilan sotib olingan quroli ham bor edi.
Aleksandr Kanadadagi muhojirlik bo‘yicha yuritilayotgan siyosatga, Islomga va behayo ayollarga qarshi ekanini sir tuta olmagan. Azaldan ularni tanqid ostiga olgan. Ularga qarshi o‘zicha kurash olib borgan.
U Amerika prezidenti Donald Tramp yuritayotgan siyosatga tan beribdi. Bundan tashqari, fransiyalik siyosatchi Marin Le Penni ham juda xush ko‘rarmish. Bu ayol haqida katta davralarda keragidan ortiq iliq gaplar aytishdan hech qachon tiyila olmaydi. Dahshatlisi, musulmon olamiga qalbida kuchli nafrat uyg‘otgan ham xuddi shu fransiyalik siyosatchi ayol ekan.
Bissonnettning ota uyi Kvebekdagi Islom madaniy markazidan 15 daqiqalik yo‘l. Ammo negadir u kvartiraga ko‘chib o‘tgan. Kvartirasi Islom madaniy markaziga juda yaqin edi. Xo‘sh, nega bunday yo‘l tutdi? U Islomni ko‘ra olmasdi-ku!..
BISSONNETT QOTIL
Ha, gap boshqa yoqda ekan. U bekorga Islom madaniy markazi yaqiniga ko‘chib o‘tmabdi. Bissonnett musulmonlar qonini to‘kishga oshifta ekan. Ana shu qora niyatini amalga oshirish uchun kunlarning birida o‘sha atrofdagi machitga kirib bordi. O‘shanda soat mahalliy vaqt bilan 19:50 edi. Musulmonlar machitda kechki namozni o‘qishayotgandi. Kirdi-yu, qo‘lidagi qurolni namoz o‘qiyotganlarga to‘g‘rilab tepkini bosdi. To qurolda patron qolmaguncha tepkini qo‘yib yubormadi. Oqibatda olti nafar kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan erkakning boshiga yetdi. Besh kishi turli darajadagi jarohatlar bilan kasalxonaga olib ketildi. Ularning ikki nafari o‘ta og‘ir ahvolda ekani aytildi.
Keyinchalik jurnalistlar qo‘lga olingan musulmonlar kushandasidan amalga oshirgan jinoyati haqida so‘rashganda, u xotirjam javob qildi:
— Men afsuslanmayman. Chunki afsus chekadigan ish qilmadim. Men ota-onamni terrorchilardan himoya qildim...
BU TERRORDAN BO‘LAK NARSA EMAS
Rasmiy ma’lumotlarda aytiladiki, o‘sha mahal machitda jami 60 kishi bo‘lgan. Barchalari kechki namoz amalini ado etish niyatida machitga kelgandi.
Vintovkadagi patronlar tugagach, Bissonnett machitdan chiqdi va oradan roppa-rosa 17 daqiqa o‘tgandan keyin 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi. Xizmat vakillariga hozirgina 6 kishini o‘ldirganligi, endi yaqin orada o‘z joniga qasd qilmoqchi ekanini aytdi-yu, telefonni o‘chirdi.
“Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, deb behuda aytishmagan. Baribir polisiyachilar qotilni tutishdi. Oldiniga uning sherigi ham bor degan xayolga borishgandi. Unday bo‘lib chiqmadi. Bissonnett bir o‘zi qotillik jinoyatini amalga oshirgan ekan.
Tergov jarayonida Bissonnett musulmonlarni ko‘rishga ko‘zi yo‘qligini yashirib o‘tirmadi. Iloj topsa, bundan keyin ham ularni o‘ldirishda davom etishi muqarrarligiga ishora qildi. Yana shuni aytib o‘tdiki, u musulmonlarning eng xavfli va yovuz dushmani hisoblanadi. Musulmonlarni o‘ldirish uchungina ota uyini tashlab islom markazi yaqinidan ijaraga kvartira olgan ekan.
“Montreal Gazette” nashri esa Aleksandr Bissonnett haqida yangi tafsilotlarni oshkor etdi.
Sudlov jarayonida psixiatr va psixologlar bilan suhbatlashgan Bissonnett maktabdagi tahqirlashlar tufayli 16 yoshida ilk bor o‘zini o‘ldirishga uringanini, shundan keyin nuqul depressiya holatida bo‘lganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, u ommaviy qatllar mavzusiga qiziqqan va jamiyatda “antiqahramon” o‘laroq nom chiqarganlarga havas qilgan. Atrofdagilarning uni noshud deb hisoblagani esa azob bergan.
“Aqalli hayotimning so‘nggi lahzalarida Xudo bo‘lmoqchi edim. Men hayot va o‘lim masalasini hal qilishim mumkin edi”, — deb aytgan u.
Psixiatrlar Aleksandr Bissonnettni sog‘lom deb topdi, biroq uning qachondir jamiyat uchun xavfsiz shaxsga aylanishi mumkinligiga ishonchlari komil emas.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Bissonnett amalga oshirgan qotillikni terror harakati deb atadi.
QOTILNING OTA-ONASI NIMA DEYDI?..
Kvebeklik qotil Aleksandr Bissonnettning ota-onasi Manon Marshand va Raymond Bissonnettlar ham farzandi xususida jurnalistlarga quyidagilarni aytib o‘tgan:
— Biz 27 yoshli o‘g‘limiz Aleksandrni ilgari qanday sevgan bo‘lsak, hozir ham shunday sevamiz. Qotilligi uchun undan voz kechmaymiz. Jinoyati masalasiga kelsak, u adashdi. Bu adashish unga juda qimmatga tushadigan bo‘ldi. Biz Aleksandrni qotil etib tarbiyalamagandik. Afsuski, shunday bo‘lib chiqdi. Xudoning xohishi-da!
Sud jarayoni hozir ham davom etmoqda. Prokurorlarning ishonch bilan aytishiga qaraganda, uni bir umrga ozodlikdan mahrum etishlari mumkin.
Manba: "7 mo'jiza" gazetasi