Xorazm viloyati prokuraturasi fuqaro Rahimov Sherzod Ilhombekovichning turmush o‘rtog‘i Madaminova Dinara Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksi shifokorlarining xatosi tufayli vavot etgani haqidagi video murojaati yuzasidan bayonot berdi.
2021 yil 3 fevral kuni soat 22.40 da 12.06.1985 yilda tug‘ilgan D.Madaminova Xiva tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida kesar kesish amaliyoti vaqtida vafot qilgan.
Fuqaro D.Madaminova o‘limiga “bachadon bo‘yin orqa devori yirtilishi, kesar kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemoragik shok) oqibatidagi o‘tkir yurak va qon tomir yetishmovchiligi” sabab bo‘lganligi aniqlangan.
02.03.2021 yildagi 108-sonli komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza xulosasisida akusher-ginekologlar tomonidan jarrohlik amaliyoti va davolash taktikasi noto‘g‘ri tanlangani hamda boshqa xatolarga yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy Markazi Xorazm filialining 20.02.2021 yildagi 5-sonli sud-tibbiy ekspertiza xulosasida D.Madaminovaning ko‘krak qafasi qobirg‘alari yopiq sinishi aniqlangan bo‘lib, bu holat yurak faoliyatini tiklash maqsadida yurak tashqi massaji qilish oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Fuqaro SH.Raximov akusherlik kompleksidagi kuzatuv kameralaridagi video yozuvlar o‘chirilganini va prokuratura xodimi tomonidan yozuvlar tiklab berilmaganini bildirgan.
Vaholanki, Xiva shahar prokuraturasi tergovchisi tomonidan akusherlik kompleksi ko‘zdan kechirilganida kuzatuv kameralari ishga aloqador bo‘lmagan hududlarda joylashgani, ishga aloqador tug‘riq va jarrohlik xonalari hamda tug‘riqqa tayyorlash bo‘limida kuzatuv kameralari mavjud emasligi aniqlangan. Bu haqda esa SH.Raximovga tushuntirildi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Xiva shahar prokuraturasi tomonidan 03.03.2021 yilda JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishining dastlabki tergovi har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash uchun malakali xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhiga topshirildi.
Tergov natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda xabar beriladi.