O‘zbekiston hukumati qaroriga muvofiq, mahalliy hokimliklar har yili ehtiyojmand toifaga kiruvchi 150 nafar talaba-qizning kontrakt to‘lovini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplaydi.
Prezidentning 2021 yil 5 martdagi PQ-5020-sonli qaroriga ko‘ra, hokimliklar birinchi bosqichga qabul qilingan 40 nafar, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 110 nafar talaba-qizning bazaviy kontrakt to‘lovini to‘lab beradi.
Kontrakt mablag‘lari quyidagi toifadagi xotin-qizlarga to‘lab beriladi:
Ijtimoiy himoya yagona reestrida kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalardagi talaba-qizlar;
Etim yoki ota-onasidan mahrum bo‘lgan qizlar;
Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan ehtiyojmand ayollar.
Shu bilan birga, qarorda ayrim cheklovlar ham belgilangan. Xususan, ikkinchi mutaxassislikda tahsil olayotganlar, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy yoki xususiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talaba-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan qoplanmaydi.
Mazkur tashabbus mahalliy byudjet imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi va xotin-qizlarning oliy ta’lim olishida qo‘shimcha ijtimoiy yordam sifatida ko‘rilmoqda.