Hindistonda shifokorlar koronavirusga chalingan bemorda yana bir qo‘ziqorin kasalligi – “yashil mog‘or”ni aniqladi. Avvalroq mamlakatda “qora”, “oq” va “sariq mog‘or” qayd etilgan edi.
Yangi infeksiya Indore shahrida aniqlangan. Ilk bemor so‘nggi bir yarim oy davomida shahar kasalxonasida davolangan 34 yoshli erkak. U COVID-19’dan tiklandi, ammo tez orada burunidan qon keta boshladi va isitmasi ko‘tarildi.
Shifokorlar u mukormikozga chalingan degan qarorga kelishdi. Ammo tekshiruvdan so‘ng bemorda “yashil mog‘or” – qo‘ziqorin kasalligi bo‘lgan aspergilloz varianti borligi aniqlandi.
“Tashxis qo‘yish paytida uning o‘pkasida mukormikoz yoki qora qo‘ziqorindan farq qiluvchi yashil qo‘ziqorin topilgan. Bu mamlakatda yashil mog‘or paydo bo‘lgan birinchi holat bo‘lishi mumkin”, dedi davlat sog‘liqni saqlash departamenti vakili Apurva Tivari.
Mukormikoz uzoq vaqt davomida intensiv terapiya bo‘limida bo‘lgan va steroidlar yoki kislorod yordamini olgan COVID bemorlarida aniqlanadi. Kasallik uzoq vaqt davomida katta dozada steroid qabul qiladigan diabet kasallarida ham uchraydi, bu esa immunitetning pasayishiga olib keladi.