Hindiston ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxan mamlakat bo‘ylab bir necha kun davom etgan keng ko‘lamli norozilik namoyishlari ortidan iste’foga chiqdi.
Iste’fosini e’lon qilar ekan, vazir mamlakat yoshlarining intilishlari va orzu-umidlarini hurmat qilishini bildirib, ularning kelajagini ta’minlash siyosiy va jamoat hayotining muhim vazifasi ekanini ta’kidladi.
Dxarmendra Pradxan so‘nggi 12 yil davomida Hindiston xalq partiyasi (BJP) hukumati va bosh vazir Narendra Modi davrida jamoatchilik bosimi ta’sirida lavozimini tark etgan birinchi vazirga aylandi.
Norozilik aksiyalarini tashkil etgan norasmiy «Xalq tarakanlar partiyasi» harakati hukumat ularning barcha asosiy talablarini qabul qilganini ma’lum qildi. Ular ta’lim vazirining iste’fosi, NEET imtihoni materiallari tarqalishi ortidan o‘z joniga qasd qilgani aytilgan yoshlar oilalariga kompensasiya to‘lash hamda namoyishchilarni ta’qib qilmaslikni talab qilgan edi.
Shundan so‘ng harakat namoyishchilarni bir necha hafta davom etgan aksiyalarni yakunlashga chaqirdi. BBC muxbirlarining xabar berishicha, Nyu-Dehlida yig‘ilgan namoyishchilar hozirda bu qarorni g‘alaba sifatida nishonlamoqda.
Ommaviy noroziliklarga Hindistonda tibbiyot oliygohlariga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan NEET davlat imtihoni savollari tarqalib ketgani va shundan keyin test natijalari bekor qilingani sabab bo‘lgan. Shu voqealar fonida mamlakatda Telegram messenjeri ham vaqtincha cheklangan.