Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

Hindiston ta’lim vaziri namoyishlar ortidan iste’foga chiqdi

Hindiston ta’lim vaziri namoyishlar ortidan iste’foga chiqdi

Talabalarning ommaviy norozilik aksiyalari bir necha hafta davom etdi. Namoyishchilar imtihon savollari sizib chiqqan bo‘lishi va ta’lim tizimidagi qonunbuzarliklar sababli vazirning iste’fosini talab qilgan.

Hindiston ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxan talabalar tomonidan tashkil etilgan bir necha haftalik ommaviy namoyishlardan so‘ng iste’foga chiqqanini e’lon qildi. U bu haqdagi qarorini X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Namoyishlarga mamlakatdagi eng nufuzli kirish imtihonlaridan ayrimlarining savollari sizib chiqqan bo‘lishi hamda ta’lim tizimidagi qonunbuzarliklar haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi. Dastlab ishtirokchilar imtihon tizimini isloh qilishni talab qilgan bo‘lsa, keyinchalik aksiyalar ishsizlik, hukumat siyosati va iqtisodiy vaziyatga qarshi keng ko‘lamli norozilikka aylandi.

Namoyishlarni «Tarakan» harakati tashkil qildi. Protestlar davomida mamlakat bo‘ylab namoyishlar, o‘tirish aksiyalari va ochlik e’lon qilish aksiyalari o‘tkazildi. Nyu-Dehli va boshqa shaharlardagi mitinglarda talabalar, mutaxassislar, oilalar va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Vazirning iste’fosi e’lon qilingach, bir oydan ortiq vaqt davomida Nyu-Dehlidagi lagerda bo‘lib turgan namoyishchilar bayram qilishni boshladi. Norozilik harakatini boshlagan «Tarakan» xalq partiyasi X ijtimoiy tarmog‘ida: «Demokratiya g‘alaba qildi!» deb yozdi.

So‘nggi haftalardagi namoyishlar bosh vazir Narendra Modi hukumati uchun eng jiddiy sinovlardan biriga aylandi. Bundan avval polisiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina tayoqlar qo‘llagan edi. Bu hafta parlament tomon yurishni tarqatishga urinish vaqtida bir necha talaba jarohat oldi, bu esa yangi norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi.

Pradxan iste’fosidan avval hukumat imtihon materiallari sizib chiqishi bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tezkor sudlar tashkil etilishini hamda imtihon tizimidagi ko‘chirish va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi tayyorlanayotganini e’lon qilgan edi. Biroq namoyish tashkilotchilari vazir lavozimini tark etmagunicha aksiyalarni to‘xtatmasliklarini bildirgan, shuningdek, imtihon tizimini keng ko‘lamda isloh qilish va savollar sizib chiqqanidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan talabalar oilalariga tovon puli to‘lashni talab qilgan edi.

Kiritildi: 21:34 25.07.2026. O'qildi: 369 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!