Bugun 28 aprel, 2025 yil, dushanba

КИР

Hindiston Jammu va Kashmirdagi teraktdan keyin Hind daryosi bo‘yicha shartnomani to‘xtatdi

Hindiston Jammu va Kashmirdagi teraktdan keyin Hind daryosi bo‘yicha shartnomani to‘xtatdi

Hindiston “Hind suvlari shartnomasi”ni to‘xtatib qo‘ydi va Nyu-Dehlidagi pokistonlik maslahatchilardan Jammu va Kashmirning Paxalgam tumanidagi teraktdan keyin bir hafta ichida mamlakatni tark etishni so‘radi.

Press Trust of India (PTI) xabariga ko‘ra, Paxalgam terakti Bosh vazir Narendra Modi raisligidagi Vazirlar Mahkamasining Xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi (CCS) yig‘ilishida muhokama qilingan. Modi hujum haqida batafsil ma’lumot oldi. Uchrashuv ishtirokchilari shuningdek, teraktning transchegaraviy aloqalarini fosh etish borasidagi sa’y-harakatlarni ham muhokama qilishdi.

Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri matbuot anjumanida yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar tafsilotlarini ma’lum qildi.

Misri Dehli elchixonasidagi Pokiston harbiy maslahatchilari “persona non grata” deb e’lon qilinganini, Hindistonni tark etishlari uchun bir hafta muhlat berilganini aytdi.

Vazirning aytishicha, Hindiston va Pokiston o‘rtasida 1960 yilda imzolangan “Hind suvlari shartnomasi” to‘xtatilgan.

“Shartnoma Pokiston transchegaraviy terrorizmni qo‘llab-quvvatlashdan ishonchli va qaytarib bo‘lmaydigan tarzda voz kechmaguncha darhol to‘xtatiladi”, dedi Hindiston tashqi ishlar vaziri.

Unga ko‘ra, Vagax-Attari chegara punkti yopilgan va bu punkt orqali chegarani kesib o‘tganlar 1 mayga qadar xuddi shu yo‘nalishda qaytishlari mumkin.

Pokiston fuqarolarining Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik tashkilotining (SAARC) keng qamrovli vizalari bilan Hindistonga borishiga ruxsat berilmaganiga e’tibor qaratgan vazir, Hindistonda bunday vizaga ega bo‘lgan pokistonliklarga mamlakatni tark etishlari uchun 48 soat vaqt berilganini qo‘shimcha qildi.

Misrining ta’kidlashicha, CCS hujumni eng keskin tarzda qoralab, qarorlar “terrorizmga nisbatan nol toqat siyosatini” aks ettiradi.

Jammu va Kashmirdagi qurolli hujumda kamida 28 kishi halok bo‘ldi.

Bir guruh qurolli shaxslar Hindiston va Pokiston davogarlik qilayotgan, bahsli hudud bo‘lgan, lekin Hindiston nazorati ostidagi Paxalgam tumanida sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Bu hududda asosan musulmonlar yashaydi, deb xabar beradi aa.com.tr.

Kiritildi: 08:44 25.04.2025. O'qildi: 678 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!