Hindistonning Madhya-Pradesh shtatida Divali bayrami vaqtida noqonuniy ravishda ishlatilgan portlovchi qurilmalar 14 nafar bolaning ko‘r bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi. Yana yuzlab bolalar shifoxonalarga yotqizilgan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, faqat Bhopal va Vidisha tumanlarining o‘zida 120 dan ortiq bola jarohat olgan. Tibbiyot xodimlari kamida 14 nafar bolaning ko‘rish qobiliyatini tiklab bo‘lmasligini tasdiqlagan.
“Karbid qurol” — bu kalsiy karbid va suv aralashmasidan hosil bo‘ladigan portlovchi gaz yordamida ishlaydigan uy sharoitida tayyorlangan qurolcha. Portlash chog‘ida quvurdan uchgan metall yoki plastik bo‘laklar bolalarning ko‘zi va yuziga og‘ir shikast yetkazgan.
Rasmiylar bu turdagi portlovchi o‘yinchoqlarni sotishni avvaldanoq taqiqlaganini ma’lum qilgan. Biroq ayrim bozorlarda ular yashirincha sotilgani aniqlangan. Polisiya bir nechta sotuvchini qo‘lga olgan, ammo fuqarolar hukumatdan qat’iy choralar ko‘rishni va jabrlanganlarga kompensasiya to‘lashni talab qilmoqda.
Mutaxassislar Divali bayramida xavfsiz, sertifikatlangan pirotexnika vositalaridan foydalanish va bolalarni bunday xavfli o‘yinlardan uzoq tutish zarurligini eslatmoqda.