Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Hazrati Umar o‘g‘rining qo‘lini kesmadi...

Hazrati Umar o‘g‘rining qo‘lini kesmadi...

2015 yil 5 noyabrda asli Ukrainalik bo‘lgan, hozirda esa Italiya fuqarosi bo‘lgan Roman ismli kishini supermarketdan bir qancha narsalarni o‘g‘irlagani uchun qo‘lga olishdi. Sababi u och qolgandi. Ochlik uning hayotiga xatar solgan. Polisiya uni ushlab sudga topshiradi. Sud uni olti oy qamoq jazosi va yuz yevro jarima to‘lashga hukm qiladi. Ammo bu voqea oliy sudga yetib borgach, barcha ayblovni bekor qilishdi. Chunki uni ochlik majburlagan edi. Ish jinoyat emas, deb topildi. Supermarket sohibining o‘g‘irlangan moli davlat hisobidan to‘lab berildi.

Sudya: "Biz madaniylashgan davlatda yashaymiz. Bizda jonni saqlab qolish molni saqlashdan ustun turadi. Madaniylashgan davlatda hech bir shaxs ochlikdan o‘lishi mumkin emas. Hatto eng yomon inson ham!", dedi.

Bundan deyarli 1400 yillar oldin Hotib ibn Abu Balta’aning bir necha g‘ulomi Muzayna qabilasidan tuya o‘g‘irlab so‘yib yeyishadi. Ularning qo‘lini kesish uchun Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning huzuriga olib kelishadi. Umar roziyallohu anhu ularning ozg‘in jasadi, sarg‘aygan rangiga qarab dedilar:

- Bularning xo‘jayini kim?

Xalifaga bu g‘ulomlarning xo‘jayini Hotib ibn Abu Balta’a ekanligi aytildi. Xalifa uni topib kelishni amr qildilar. U keldi. Umar roziyallohu anhu unga dedilar:

- Ularni jazolashimga oz qoldi. Ularni sen och qoldirganingni yaxshiyam bilib qoldim. Ular och qolishmaganida o‘g‘irlik qilishmas edi. Sen jazolanasan.

So‘ngra tuyaning sohibidan  uning narxini so‘radilar. U: "to‘rt yuz", dedi. Umar roziyallohu anhu Hotibga tuya sohibiga sakkiz yuz berishini buyurdilar. G‘ulomlarga esa qaytib bunaqa ish qilmasliklarini aytdilar.

O‘g‘irlik shaksiz katta gunoh. Alloh taolo bu gunohni yomon ko‘rgani uchun unga had (jazo) tayin qilgan. Ammo haqiqiy o‘g‘ri yeyish uchun bir burda non o‘g‘irlagan kishi emas, aksincha mana shu faqirning bir burda nonini o‘g‘irlagan va uni o‘g‘irlik qilishga majburlagan boydir. Yeyish uchun non o‘g‘irlagan kishi xatokor, bunga gap bo‘lishi mumkin emas. Ammo insonlarning hayotini, umrini, rizqini o‘g‘irlaganlar, oddiy faqirlarni oyoqlari ostiga olib toptaganlar haqiqiy o‘g‘rilardir. Ana shular qo‘li kesilishga haqliroqdir!

Adham Sharqoviy

Tahririyatdan: ko‘pchilik musulmonlarni nega g‘ayridinlar bizdan uchtun, nega ular bizdan yaxshi yashaydi degan savollar o‘ylantiradi. Ushbu voqeadan ham ko‘rinib turibdiki, ular g‘ayridin bo‘lsalar da, Islom tamoyillariga amal qilishmoqda, shuning uchun ularning davlati gullab yashnayapti. Allohning Rahmon sifati bor. U bu dunyoda yaxshiyu yomonga, muslimu g‘ayridinga, hatto kofirlarga ham rahm qiladi, rizq beradi, harakatiga yarasha muvaffaqiyat beradi...

Musulmon davlatlarning aksaridagi nohaqliklar, poraxo‘rlik, adolatsizlik, korrupsiya avj olgani uchun ham rivojlanish ko‘ngildagidek emas. Agar rahbarlar ham, fuqarolar ham ilohiy tamoyillarga rioya etgan holda yashay boshlasa, o‘sha davlatning iqtisodiy va ijtimoiy darajasi albatta yuksaladi...

Manba: azon.uz

Kiritildi: 22:00 08.11.2019. O'qildi: 2399 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!