Prezident Administrasiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd ishi yuzasidan Harbiy sudda mahkama boshlangan. Bu haqda Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
“Mahkama sudlanuvchilar soni ko‘pligi, qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay yopiq tarzda olib borilmoqda”, – deb yozdi huquq himoyachisi.
Uning taxminicha, sudning maxfiyligi Allamjonovning nomi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 26 oktyabr kuni Qibray tumanida ichida Komil Allamjonov bo‘lgan “Range Rover” rusumli avtomashinaga qarata o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzilgandi.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 - moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.