Yig‘ilishda yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda tumanlarda "Barkamol avlod" maktablari, 14 ta hududda "Yoshlik" sport jamiyati va Respublika o‘quvchi yoshlar markazi bor. Lekin 219 ta "Barkamol avlod" maktabi 350 ming bolani qamrab olgan, xolos.
Endilikda "Barkamol avlod" maktablari, "Yoshlik" sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashishi belgilandi.
Bu markazlar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy, kreativ yo‘nalishlar asosida jihozlanadi. Ularda xorijiy tillarni o‘qitish, sun’iy intellekt, dasturlash va animasiya kabi yangi to‘garaklar ochiladi.
O‘quvchilar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi "Barkamol avlod" markazlarida kamida 100 o‘rinli "Bolalar sayyohlik bazasi" tashkil qilinadi.
Mutasaddilarga qiziqarli turizm to‘plamlarini qilib, har yili 1 million o‘quvchini O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga jalb qilish topshirildi.