Ukrainaga qarshi urushda Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming nafar xorijlik qatnashmoqda. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi xabar berdi.
Aleksandr Bastrikin Peterburg xalqaro yuridik forumi doirasida qilgan bayonotida, Ukrainadagi harbiy harakatlar hududiga Rossiya fuqaroligini olgan 20 ming kishi yuborilganini ma’lum qildi.
"Bizning harbiy-tergov boshqarmamiz reydlar o‘tkazmoqda. Biz allaqachon 80 mingga yaqin shunday “fuqaro”ni qo‘lga oldik, ular nafaqat frontga borishni xohlashmaydi, balki harbiy komissariatga ham borishni istashmaydi. Rossiya fuqaroligini yangidan olgan 80 ming nafar shaxsni qo‘lga olib, harbiy hisobga qo‘ydik va 20 ming nafar “nimagadir O‘zbekistonda, Tojikistonda, Qirg‘izistonda yashash yoqmaydiganlar” hozir frontda", — dedi Bastrikin.
"Rossiya huquq-tartibot organlari doimiy ravishda reydlar o‘tkazib, Rossiya fuqaroligini olgan migrantlarga chaqiruv qog‘ozlari topshiradi yoki ularni harbiy komissariatlarga olib ketadi. Ko‘pincha Rossiya fuqaroligini olgan shaxslar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlanmoqda, aks holda pasportlarini tortib olish va mamlakatdan chiqarib yuborish bilan tahdid qilinmoqda", deb yozmoqda “Meduza” vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib.
2024 yil iyun oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Rossiyada yaqin orada fuqarolik olgan, lekin harbiy hisobda turmagan 30 mingdan ortiq shaxs borligini ma’lum qilgan edi. Bastrikin ulardan taxminan 10 ming nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri frontga emas, balki front ortidagi bo‘linmalarga, handaqlar qazish va mudofaa istehkomlarini mustahkamlash ishlarini bajarish uchun yuborilganini bildirgandi.