Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Hakim Jeffris Yaqin Sharqda “keskin o‘zgarishlar” qilish zarurligini bildirdi

Hakim Jeffris Yaqin Sharqda “keskin o‘zgarishlar” qilish zarurligini bildirdi

AQSh Demokratlarlar partiyasi yetakchilaridan biri Isroil va Falastin mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal etishni qo‘llab-quvvatlashini aytdi

Qo‘shma Shtatlar Kongressi Vakillar palatasidagi Demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris Yaqin Sharqda “keskin o‘zgarishlar” qilish zarurligini bildirdi. Shuningdek, u Isroil va Falastin mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal etishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

"Hozirgi holatni qabul qilib bo‘lmaydi, keskin o‘zgarish lozim. Mening nazarimda, xavfsiz Isroil yahudiy va demokratik davlat sifatida saqlanib qolishi lozim. Uning yonida esa falastinliklarning qadr-qimmati hamda o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlaydigan mustaqil Falastin davlati yashashi kerak", - dedi Jeffris matbuot anjumanida.

AQSh Kongressiga oraliq saylovlarda Demokratlar erishgan yirik g‘alaba Vashingtonning yaqin ittifoqchisi — Isroilga berilayotgan yordamning kamayishiga olib kelishi mumkin. Demokratlar 2027 yil 3 yanvar kuni Kongressning har ikki palatasi ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishga tayyorlanmoqda. Demokrat Hakim Jeffris esa Vakillar palatasining navbatdagi spikeri bo‘lishi kutilmoqda.

2027 yildan Demokratlar qonun loyihalarini yozishda va qaysi hujjatlarni ovozga qo‘yishni hal qilishda ustunlikka ega bo‘ladi. Biroq Respublikachi prezident Donald Tramp Kongress qabul qilgan qarorlarga veto qo‘yish huquqini saqlab qoladi. Prezident vetosini yengib o‘tish uchun esa Vakillar palatasi va Senatda uchdan ikki qism ovoz talab etiladi.

Saylovda g‘alaba qozongan ko‘plab demokratlar saylovoldi kampaniyasida Isroilga harbiy yordam berishga hamda AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushiga qarshi chiqqan edi. 2027 yili Kongressda bu masalalar yanada jiddiy ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Vashington tarixan muzokaralar yo‘li bilan ikki davlat yechimiga erishishni qo‘llab-quvvatlab kelgan. AQShda o‘nlab yillar davomida har ikki partiya ham Isroilni birdek qo‘llab-quvvatlab kelar edi. Biroq G‘azodagi urushda tinch aholi orasida qurbonlar ko‘paygani hamda bosh vazir Binyamin Netanyahuning Tramp va Respublikachilar bilan yaqinlashuvi bu an’anaga putur yetkazdi.

Kiritildi: 20:54 14.11.2026. O'qildi: 444 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik