Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Haj va Umra safarlariga ruxsat berildimi? O‘zbekiston musulmonlari idorasi javob berdi

Haj va Umra safarlariga ruxsat berildimi? O‘zbekiston musulmonlari idorasi javob berdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistoni hukumati ayrim talablar asosida insonlarga Haj safari uchun ruxsat berishga qaror qilgani to‘g‘risida tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi Haj va Umra masalalari bo‘yicha attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog‘liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shu kunlarga qadar, Saudiya Arabiston hukumati Haj va Umra safarlarini boshlashga oid biror-bir yakuniy bayonotni e’lon qilgani yo‘q.

«Ta’kidlash kerakki, Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar va xizmat ko‘rsatish markazi ham ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Haj mavsumini o‘tkazishga ruxsat berilgani, unga xorijdan 45 ming nafar ziyoratchi qabul qilinishi haqidagi xabarlarga raddiya berib, “Haj – 2021” mavsumini tashkil qilish va chetdan hojilar qabul qilishga doir hukumat qarori keyinroq e’lon qilinishini ma’lum qildi», — deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviasiyasi bosh boshqarmasi (GACA) sayohat va boshqa maqsadlarda mamlakatga tashrif buyuruvchi chet elliklar (kirish to‘xtatilmagan mamlakatlardan kelganlar) uchun tibbiy-sanitar va epidemiologik shartlar to‘g‘risida yo‘riqnoma ishlab chiqargan. Unga ko‘ra, mamlakatga kirishda har bir chet el yo‘lovchisidan Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan Pfizer/BioNTech (AQSH—Xitoy), Oxford—AstraZeneca (Buyuk Britaniya–Shvesiya), Moderna (AQSh) vaksinalarining ikki dozasi va Johnson & Johnson (AQSh) vaksinasining bir dozasini qabul qilganlik haqida maxsus sertifikat talab qilinadi.

Vaksina sertifikatlari kelayotgan yo‘lovchilarga emlashni amalga oshirgan davlatning rasmiy sog‘liqni saqlash idoralari tasdiqlashi va oxirgi dozani olish muddati (ikki dozali emlashning ikkinchi dozasi yoki bitta dozali emlashning birinchi dozasi) SAPga sayohat qilishdan 14 kundan kam bo‘lmasligi kerakligi belgilangan. Har bir vaksina sertifikatlari podshohlikning nazorat punktlarida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

«Yuqoridagi kabi talablarga javob bermaydigan yo‘lovchilar belgilangan manzilga, jo‘nab ketgan joylariga qaytarib yuboriladi va yo‘l xarajatlarini aviakompaniya o‘z zimmasiga oladi. Ushbu qoidalarga rioya qilmaslik sayohatchilarga Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlanishidan tashqari, qonuniy majburiyatlarni ham yuklaydi. Izolyasiya bo‘yicha ko‘rsatmalar yoki karantin qoidalarini buzgan fuqarolar va rezidentlar 200 ming riyol (53,2 ming AQSh dollari) miqdorida jarima yoki ikki yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi va takroriy buzilgan taqdirda, jazo ikki baravar ko‘paytiriladi. Saudiyalik bo‘lmagan qonunbuzarlar podshohlikdan deportasiya qilinadi va shaxsga nisbatan jazo ijro etilgandan keyin ularning mamlakatga kirishiga taqiq qo‘yiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va Umra safarlarga oid o‘rganishlarni davom ettirgan holda muborak safarlar bilan bog‘liq xabarlarni rasmiy nashrlarda e’lon qilinishini ma’lum qiladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilgi Haj mavsumiga ruxsat berilgani, buning uchun ziyoratchilar emlangan bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ushbu masalada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita murojaat bilan chiqib, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan hozirga qadar hech qanday rasmiy qaror e’lon qilinmaganini ma’lum qilgandi.

Kiritildi: 18:16 01.06.2021. O'qildi: 3703 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!