May oyi davomida Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a shahridan Toshkentga parvozlar kechikishi mumkin. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar qildi.
Aviakompaniyaga ko‘ra, bu 1 maydan 31 maygacha bo‘lgan Maxachqal’a — Toshkent reyslariga tegishli. Bu «Haj-2025» dasturining amalga oshirilishi va Maxachqal’a xalqaro aeroportida yo‘lovchilar oqimining ko‘payishi bilan bog‘liq, deya tushuntirdi Uzbekistan Airways.
«Aeroportga yetib kelishni oldindan rejalashtirishni va parvozdan oldingi nazoratdan o‘tishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kechikishlarni inobatga olishingizni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025 yilgi Haj mavsumi 13 maydan boshlanadi. Ziyoratchilar uchun Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar tashkil etiladi.