Agar Islam to‘rt haftadan keyin Jek Della Maddalenaga qarshi chempionlik jangida mag‘lubiyatga uchrasa, Topuriya Maxachev bilan jang qilish niyatidan voz kechadi.
Bu haqda ispaniya-gruziyalik jangchi Tbilisidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Agar Islam yutqazsa, Dog‘istonga qaytib, o‘z fermasida qo‘y boqishi mumkin. Mabodo u g‘alaba qozonsa, men vaznimni oshiraman, bu yuz foizga aniq!", - dedi "El Matador" jurnalistning tegishli savoliga javob berar ekan.
Shuningdek, Topuriya, agar Maxachev g‘alaba qozonsa, kelasi yilning iyun oyida Oq uyda o‘tkaziladigan AQSh Mustaqilligiga bag‘ishlangan turnirda u bilan uchrashmoqchi ekanligini ham aytdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yengil vazn toifasida chempionlik unvoniga ega bo‘lgan Iliya Topuriya kelasi yilning yanvar oyida Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan UFC 324 turnirida oktagonga qaytadi.
Islam Maxachev va Jek Della Maddalena esa 15 noyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan raqamlangan oqshomda o‘zaro to‘qnash keladi.