Bugun 29 aprel, 2025 yil, seshanba

КИР

Go‘sht mahsulotlarini sotishga qanday talablar qo‘yiladi?

Go‘sht mahsulotlarini sotishga qanday talablar qo‘yiladi?

So‘yiladigan hayvonlardan olinadigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tegishli sharoitlar yaratilgan bozor, savdo ob’ektlari va turg‘un savdo shahobchalarida sotishga ruxsat beriladi.

1. Qanday hollarda hayvonlarni go‘sht uchun so‘yish taqiqlanadi?

Veterinariya vrachining ruxsati bo‘lmaganida;

kuydirgi, emfizematozli karbunkul, yirik shoxli hayvonlar o‘lati, tuyalar o‘lati, qutirish, qoqshol, xavfli shish, bradzot, qo‘ylarning enterotoksemiyasi, yirik shoxli hayvonlar va qo‘ylarning kataral bezgaki (til ko‘karishi), cho‘chqalarning afrika o‘lati, tulyaremiya, botulizm, sap, epizootik limfangoit, melioidoz (soxta sap), miksomatoz va quyonlarning gemorragik kasalligi, parranda grippi bilan kasallangan yoki gumon qilingan hayvonlar;

o‘lim talvasasida bo‘lgan hayvonlar;

kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan va davolangan hayvonlarni emlashdan (davolashdan) keyin 14 kun davomida, oqsil kasalligiga qarshi emlanganda, emlanishdan keyin 21 kun davomida;

malleinizasiya qilinmagan bir tuyoqli hayvonlar shuningdek, 14 kundan kichik bo‘lgan hayvonlar go‘sht uchun so‘yilishiga ruxsat berilmaydi.

Go‘sht uchun faqatgina sog‘lom hayvonlarni so‘yishga ruxsat etiladi.

2. Hayvonlar go‘shtini sotishga qanday hollarda yo‘l qo‘yiladi?

agarda ularning so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilgan bo‘lsa;

go‘sht sotish uchun tegishli barcha sharoitlar, shu jumladan sovutgichli maxsus rastalar tashkil etilgan bo‘lsa;

tegishli veterinariya hujjatlari mavjud bo‘lsa;

veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga belgilangan tartibda kiritilgan bo‘lsa.

3. Qanday hollarda go‘sht mahsulotlarini sotishga ruxsat berilmaydi?

so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilmagan bo‘lsa;

go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tashish uchun belgilanmagan transport vositalari yordamida yetkazib berilgan bo‘lsa;

tegishli veterinariya hujjatlari bo‘lmasa;

veterinariya-sanitariya ekspertizasining xulosasi (ma’lumotnomasi) bo‘lmasa;

oyoqlari va bosh qismi jun bilan birga bo‘lsa, shuningdek parranda va qushlarning patlari yulinmagan bo‘lsa;

xona yoki ko‘cha haroratida ilgakka osilgan yoki yerga (ochiq rasta ustiga) ochiq holda qo‘yilgan holatda bo‘lsa;

veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan bo‘lsa.

4. Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sotish tartibi qanday ?

Go‘sht sovutgichli maxsus vitrinalarda sotilishi, sovutgichli vitrinalarning har tomonlari zich yopiladigan bo‘lishi zarur.

Go‘shtni maydalash va ajratish maxsus yog‘och kundalarda amalga oshirilishi lozim. Kundalarning yuzasi tekis bo‘lishi, ular muntazam ravishda pichoq bilan tozalanib turilishi, issiq suv bilan yuvilishi hamda ish kuni yakunlangandan keyin ustiga katta zarrachali tuz sepilishi va doka bilan qoplanishi lozim.

Savdo ob’ektlari va turg‘un savdo shahobchalari quvur orqali keluvchi issiq va sovuq suv, qo‘l yuvgich va boshqa zarur asboblar (pichoq, bolta, tarozi va boshqalar) bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

5. Go‘sht sotuvchisiga qo‘yiladigan talablar qanday?

Sotuvchi to‘liq bo‘lgan maxsus kiyim boshda ishlashi hamda xaridorga go‘sht mahsuloti to‘g‘risidagi zaruriy va aniq axborotni berishi, xususan quyidagilarni ma’lum qilishi shart:

— go‘sht va go‘sht mahsuloti olingan hayvonning turi, so‘yilgan sanasi;

— iste’molga yaroqliligini tasdiqlovchi veterinariya ma’lumotnomasi.

Har bir sovutgichli vitrina ustida ushbu go‘sht olingan hayvon turi to‘g‘risidagi ma’lumot yozuvi bo‘lishi shart.

Xaridorning talabiga binoan sotuvchi, shuningdek yetkazib beruvchining firma nomi hamda joylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotni ham taqdim qilishi shart.

Bozor ma’muriyati, do‘konlar va go‘sht sotish shahobchalari rahbarlari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan va veterinariya-sanitariya kurslarida tahsil olmagan shaxslarning ishlashiga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgar bo‘ladi.

Mazkur talablarni buzgan holda hayvonlar go‘shtini sotganlar ular keltirgan huquqiy oqibatlar natijasiga ko‘ra ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Kiritildi: 21:45 30.07.2023. O'qildi: 2573 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!