Xorazm viloyati, Gurlan tumanida yashovchi ota ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining 18 yoshga qadar bo‘lgan davri uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment puli o‘rniga o‘zining nomida bo‘lgan umumiy maydoni 73,3 kv.metrdan iborat kvartirani sovg‘a qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Gurlan tumani bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor X.Yuldashevdan undiruvchi N.To‘rayeva foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Byuroning Gurlan tumani bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qaroriga asosan voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash imkoniyati mavjudligi tushuntirilgan.
Davlat ijrochisining olib borgan ijro harakatlari, shuningdek, tushuntirish ishlari samara berib, tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, ota o‘z farzandlarining 18 yoshga to‘lguniga qadar belgilangan aliment to‘lovi uchun Urganch shahrida joylashgan ko‘p qavatli uydagi 73,3 kv.metr bo‘lgan kvartirani o‘g‘lining nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib berdi.