Gresiya 15 iyundan mamlakatga xorijlik turistlar qaytishiga katta umid bog‘lamoqda. Mamlakat iqtisodiyoti koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish doirasida cheklovlar kiritilganidan keyin keskin yomonlashdi.
Afina mamlakat YAIMning 20 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi turizm orqali iqtisodiyotini tiklashiga to‘g‘ri keladi. 2019 yilda mamlakatga 33 mln sayyoh kelgan bo‘lib, ular davlatga 18,2 mlrd yevro daromad keltirgandi. Bu yil esa turizmga fevraldayoq chek qo‘yildi. Turizm sohasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi to‘lqini xavfiga qaramasdan, turizmni tiklashdan boshqa yo‘l yo‘q.
29 may kuni Gresiya turizm vazirligi 15 iyundan sayyohlarni jo‘natishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatdan 29 mamlakat joy olgan bo‘lib, uni tuzishda mamlakatlardagi epidemiologik vaziyat hisobga olingan.
Ro‘yxatga Albaniya, Avstraliya, Avstriya, Shimoliy Makedoniya, Bolgariya, Germaniya, Daniya, Shveysariya, Estoniya, Yaponiya, Isroil, Xitoy, Xorvatiya, Kipr, Latviya, Livan, Litva, Malta, Chernogoriya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Janubiy Koreya, Vengriya, Ruminiya, Serbiya, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Finlyandiya kiritilgan.
Turizm vaziri Xaris Teoxaris bu mamlakatlar fuqarolari hech qanday karantinlarsiz va koronavirusga test topshirishlarsiz Gresiyaga kirishlari mumkinligini bildirdi.
Keyinroq 1 iyuldan Gresiyaga kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilinadi. Vazirning aytishicha, kasallik yuqtirish holatlari aniqlanadigan bo‘lsa, COVID-19ga chalinganlar uchun kasalxonalarda 600ta o‘rin hozirlab qo‘yilgan.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Gresiyada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 3068ta holat qayd etilgan, 183 kishi vafot etgan.