Google sun’iy intellekt yaratgan kontentni aniqlovchi servisni ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya rasmiy blogida ma’lum qilingan.
Gap SynthID Detector haqida ketmoqda. Google 2026 yil 7-oktabrda servisni keng omma uchun ochgan.
SynthID Detector — SI yordamida yaratilgan yoki tahrirlangan rasm, video va audio fayllarni tekshiruvchi servis. Foydalanuvchi faylni yuklaydi, tizim esa unda SynthID deb ataladigan ko‘rinmas raqamli suv belgisi (watermark) mavjudligini tekshiradi.
SynthID watermarki inson ko‘zi yoki qulog‘iga sezilmaydi, ammo maxsus texnologiya orqali aniqlanishi mumkin. Google bu texnologiyani 2023 yilda taqdim etgan.
Yangi servis nafaqat Google AI mahsulotlarini, balki SynthID’ni qo‘llab-quvvatlaydigan hamkorlar kontentini ham tekshira oladi. Hozir ular orasida:
Google;
OpenAI;
NVIDIA;
Kakao bor.
Qayd etilishicha, Apple qo‘llab-quvvatlashi ham keyinchalik qo‘shilishi kutilmoqda.
Google ma’lumotiga ko‘ra, SynthID hozirgacha 180 mlrd dan ortiq rasm va videoga, shuningdek 240 ming yillik audio kontentga qo‘llangan.
Bu universal AI-detektor emas. Ya’ni servis istalgan AI tomonidan yaratilgan kontentni aniqlay olmaydi. U faqat SynthID watermarkidan foydalanadigan tizimlar yaratgan yoki tahrirlagan kontentni aniqlashi mumkin. Agar suv belgisi topilmasa, bu kontent albatta inson tomonidan yaratilgan degani emas.
Servis hozircha ingliz tilida global foydalanuvchilar uchun ochilgan va undan foydalanish uchun Google yoki boshqa qo‘llab-quvvatlanadigan akkaunt orqali kirish talab qilinadi.
Ta’kidlanishicha, kunlik tekshiruvlar soni ham cheklangan — taxminan 10 ta rasm, video yoki audio tekshiruvi.