Bugun 17 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

Germaniyaning AQShga investisiyalari uch yillik minimumga tushdi

Germaniyaning AQShga investisiyalari uch yillik minimumga tushdi

Germaniya kompaniyalarining AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalari 2026 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb uchdan ikki qismga qisqarib, 4,3 mlrd yevro (5 mlrd dollar)ni tashkil etdi.

Bu 2023 yildan beri eng past ko‘rsatkich, deb yozmoqda "Reuters" Germaniya iqtisodiyot instituti (IW) hisob-kitoblariga tayanib. 2024 yilning birinchi yarmi bilan solishtirganda pasayish qariyb 80 foizga yetgan.

Pandemiyagacha bo‘lgan besh yilda Germaniya kompaniyalari AQShga birinchi yarim yillikning o‘zida o‘rtacha 15,8 mlrd yevro sarflagan — bu hozirgi ko‘rsatkichdan qariyb to‘rt baravar ko‘p.

IW eksperti Samina Sultan pasayish Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri kuzatilayotganini ta’kidladi. Kompaniyalarni, avvalo, AQSh import bojlari va savdo siyosatidagi noaniqlik ehtiyotkor bo‘lishga majbur qilmoqda.

Shu bilan birga, AQShda allaqachon ishlayotgan nemis kompaniyalari u yerda olgan foydasini qayta investisiya qilishda davom etmoqda. Asosiy pasayish yangi kapital qo‘yilmalarda kuzatilmoqda. Bu AQSh bozori jozibadorligini yo‘qotmagani, ammo biznes yangi yirik loyihalarni boshlashga shoshilmayotganini ko‘rsatadi.

Bu Germaniya iqtisodiyotining o‘zi ham qator muammolarga duch kelgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakat statistika idorasi Germaniya eksportiga Xitoy raqobati va AQSh bojlari bosim o‘tkazayotganini qayd etgan.

2022 yildan keyin Rossiyadan quvur orqali gaz yetkazib berish keskin qisqargach, Germaniya muqobil, jumladan, suyultirilgan gaz manbalariga o‘tdi. Yevropa energiya narxlari esa urushgacha bo‘lgan davrga nisbatan hali ham yuqori bo‘lib, ayniqsa energiyani ko‘p talab qiladigan sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligiga ta’sir qilmoqda.

Kiritildi: Bugun 15:55. O'qildi: 342 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!