Germaniya Ukrainada «maqbul tinchlik» o‘rnatilguniga qadar, buning uchun yillar va milliardlab evro talab etilsa ham, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful FAZ nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers ham Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam ijtimoiy dasturlar va ta’lim sohasiga ajratiladigan mablag‘larni kamaytirmayotganini ta’kidladi.
«Ukrainaga yo‘naltirilgan birorta ham evro mamlakatimizdagi ijtimoiy xarajatlar va ta’lim uchun ajratiladigan mablag‘lardan olinmayapti», — dedi Mers.
Kil jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va urush oqibatlarini bartaraf etish uchun qariyb 100 milliard evro sarflagan yoki ajratish majburiyatini olgan.
Ushbu mablag‘larning taqsimoti quyidagicha:
41,7 milliard evro — bevosita Ukrainaga yo‘naltirilgan.
35,9 milliard evro — Germaniya hududida, asosan ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan.
22 milliard evro — kelgusidagi harbiy yordam uchun ajratilishi rejalashtirilgan.
Biroq Mersning bayonoti faqat qisman haqiqatga mos keladi. 2025 yil mart oyida davlat qarz olish qoidalari o‘zgartirilganidan so‘ng, Germaniya mudofaa xarajatlari va Ukrainaga yordamni boshqa byudjet yo‘nalishlarini qisqartirmasdan, qo‘shimcha kreditlar hisobidan moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, ushbu qarzlarning foizlarini to‘lash baribir davlat byudjetiga yuk bo‘lib tushadi.
«Har qanday qarz olish foiz to‘lovlarini keltirib chiqaradi va bu byudjetga qo‘shimcha yuk bo‘ladi», — dedi iqtisodchi Tobias Xense BILD nashriga bergan izohida.