Germaniya hukumati Ukrainaga Bundesver qo‘shinlarini yuborish ehtimoli haqidagi masalani kun tartibidan olib tashladi.
Bu haqda Bild nashri hukumatdagi manbalariga tayana turib xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, nemis qo‘shinlarini otashkesim rejimini nazorat qilish uchun yuborish masalasi noma’lum muddatgacha muzlatilgan. Keyingi muhokamalar faqat AQSh prezidenti Donald Tramp qandaydir chora ko‘rsa yoki Rossiya–Ukraina mojarosi haqiqatan barham topgan taqdirdagina mumkin bo‘lishi aytilmoqda.
Shu bilan birga, hozircha buning alomatlari ko‘rinmayotgani, shu bois masala yopilgani qayd etilgan.
Bild ma’lumotiga ko‘ra, kansler Fridrix Mers va uning o‘rinbosari Lars Klingbayl Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning yaqin oradagi uchrashuviga endilikda ishonmayapti. Shu sababdan, G‘arb qo‘shinlarini Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarining bir qismi sifatida joylashtirish masalasi faqat uzoq kelajakdagi istiqbol sifatida ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ilgari Mers Bundesver qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini istisno etmagan va bu masalani hukmron koalisiya ichida muhokama qilishga va’da bergan edi.